Eronning diniy rahbari: “Tramp javob qaytarishga arziydigan odam emas”

Eronning diniy rahbari: “Tramp javob qaytarishga arziydigan odam emas”

Eronning diniy rahbari Oyatulloh Ali Hamanay AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muzokara o‘tkazishni rad etdi, deya xabar bermoqda DW.  

Hamanay kecha, 13 iyun kuni AQSh va Eron o‘rtasida vositachilik qilishga urinayotgan Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abeni qabul qildi. 

“Eron AQShga ishonmaydi. Yadroviy kelishuv borasida amerikaliklar tufayli salbiy tajribani boshimizdan o‘tkazdik, yana shunday bo‘lishini istamaymiz”, – dedi u. 

Strategik masalalarda yakuniy qarorni qabul qiladigan Hamanay bosimlar va sanksiyalar ostida bo‘lgan hech bir davlat muzokara o‘tkazishni istamasligini aytdi. Uning fikricha, Tramp xabar yo‘llashga yoki javob qaytarishga arziydigan odam emas. Shuningdek, Hamanay Trampning Eronda tuzumni o‘zgartirish niyati borligini, ammo bu amalga oshmasligini ta’kidladi. 

Yaponiya bosh vaziri Tehronga safari chog‘ida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan ham uchrashdi. Ruhoniy AQSh sanksiyalarni bekor qilsagina ikki davlat o‘rtasidagi taranglik bartaraf bo‘lishi mumkinligini bildirdi. 

“Mintaqadagi taranglikning sababi AQSh olib borayotgan iqtisodiy urushdir. Bu nihoyasiga yetsa, qaytadan barqarorlikka erishamiz”, – dedi u. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!