Emomali Rahmon Markaziy Osiyoda energetika komissiyasi tuzishni taklif qildi

Emomali Rahmon Markaziy Osiyoda energetika komissiyasi tuzishni taklif qildi

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) tarkibida Markaziy Osiyodagi energetika masalalarini tartibga solish uchun komissiya tuzishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 15 sentyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan OQXJ ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida so‘z ochdi.

“Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini isloh qilish jarayonida energetika masalalari jamg‘arma vakolatiga kiritilgani va bu bo‘yicha alohida komissiya tuzish taklif etilayotgani quvonarlidir”, degan Rahmon.

Uning qayd etishicha, jamg‘armada suv bo‘yicha komissiya mavjud, biroq energetika masalalarini tartibga soluvchi platforma yo‘q.

“Ishonchim komilki, bunday platforma mintaqa davlatlarining dolzarb energetika masalalarini hal qilishdagi o‘zaro hamkorlik uchun foydali bo‘ladi. Bu suv va energetika masalalarini bir muassasa doirasida tartibga solish nuqtai nazaridan juda muhim”, deya tushuntirgan Rahmon.

Tojikiston Prezidenti iqlim o‘zgarishi sa’y-harakatlarini birlashtirish kerakligini aytib o‘tgan.

“Bir necha yil ketma-ket kuzatilayotgan suv yetishmasligi, qurg‘oqchilik, ko‘chkilar nafaqat qishloq xo‘jaligiga, balki umuman ijtimoiy ahvolga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu muammolarga qarshi turish uchun birinchi navbatda suv-energetika sohasida hamkorlik qilish zarur”, deydi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!