“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijda ta’lim olganlar tanlovsiz ishga olinadi

Prezident farmoni (PF-61-son, 26.03.2025-y.)ga ko‘ra:
2025 yildan “El-yurt umidi” jamg‘armasining yangi stipendiya yo‘nalishi sifatida “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etiladi.
Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:
▪️har yili iqtidorli, bilimga chanqoq, og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kambag‘al oilalar farzandlarini xorijda o‘qitish maqsadida har bir mahalladan faol yoshlarni saralash;
▪️saralab olingan yoshlarning iqtidorini aniqlash orqali ularni salohiyatiga mos xorijiy oliygohlarga yuborish uchun tayyorgarlik kurslarida o‘qitish;
“El-yurt umidi” jamg‘armasiga joriy yilda “Yorqin iste’dod” loyihasi uchun 300 milliard so‘m ajratiladi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijiy mamlakatlarda ta’lim olib qaytgan stipendiatlar milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritiladi hamda ular davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga tanlovsiz ishga olinadi.
Bundan tashqari, xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olganiga 2 yildan oshmagan yoshlarga olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi.