Denovdagi portlash yuzasidan hukumat komissiyasi qanday xulosaga keldi?

Denovdagi portlash yuzasidan hukumat komissiyasi qanday xulosaga keldi?

AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O‘lmas Muzaffarov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda 2021 yil 7 dekabr kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan Indenim savdo majmuasida yuz bergan fojia oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini o‘rganish natijalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

O‘lmas Muzaffarovning so‘zlariga ko‘ra, savdo majmuasida sodir bo‘lgan chaqnash portlovchi moddalar qo‘llanilganligi natijasida sodir bo‘lmagan.

Mazkur ob’ektda portlovchi moddalar qo‘llanilganligi o‘rganilganda, portlovchi moddalar izlari mavjud emasligi hamda portlashga xos bo‘lgan o‘zgarishlar, ya’ni «voronka» va portlatish qurilmasining bo‘laklari aniqlanmagan.

Chaqnash majmua ostidan o‘tgan va foydalanishda bo‘lmagan gaz quvuridagi yoriqlardan tabiiy gazning sizib chiqishi natijasida portlash xavfi bo‘lgan gaz-havo aralashmasining hosil bo‘lishi va unga binodagi elektr jihozlarining avtomatlashtirilgan tartibda o‘chib-yonishida kuzatiladigan uchqunning ta’siri natijasida ro‘y bergan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyda olib borilgan ochish (kovlash) ishlari natijasida bino ostidan foydalanishda bo‘lmagan, diametri 57 millimetrli bo‘lgan gaz quvuri o‘tganligi aniqlandi.

Gaz quvurning bir tomoni yopilgan, ikkinchi tomoni esa «Surxon kapital mobil» MCHJga qarashli «Asr» savdo do‘koniga kirish zinasi ostidagi gaz tarmog‘idan uzilmaganligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu gaz quvuri esa Indenim savdo majmuasi binosining ostida qolib ketgan va foydalanishda bo‘lmagan quvurga ulangan bo‘lgan.

6 dekabr kuni «Hududgaz Surxondaryo» filialining Denov shahar gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan «Surxon kapital mobil» MCHJga qarashli «Asr» savdo do‘koni binosi ostki qismidan (poydevor orasida) o‘tgan gaz quvuri o‘rta bosimli gaz oqimi tarmog‘iga ulangan.

Oqibatda Indenim majmuasining ostidagi gaz quvurining korroziyaga uchragan yoriqlardan (6 joyidan 3−13 santimetr kattalikda) sizib chiqqan tabiiy gaz binoning ichki qismida to‘plangan va chaqnash yuzaga kelgan.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoning Denov shahri markazidagi Indenim savdo majmuasida kuchli portlash 7 dekabr tongida yuz bergan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, 11 kishi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik Denovdagi portlashda 65 ta uy zarar ko‘rgani, 6 ta xonadon devorlari esa yorilib, yashash uchun xavfli holatga kelib qolgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-modda (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 259-moddalari (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Portlash yuzasidan 3 kishi qamoqqa olingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!