Davlat organlarining saytlar va blogerlarga to‘lagan millionlari o‘rganilmoqda — Agentlik

Davlat organlarining saytlar va blogerlarga to‘lagan millionlari o‘rganilmoqda — Agentlik

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan OAV hamda blogerlar orqali o‘z faoliyatiga oid ma’lumotlarni e’lon qilish yoki boshqa turdagi reklama xizmatlari uchun sarflagan xarajatlari yuzasidan xabarlar e’lon qilindi.

Mazkur holatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganilganda, tashkiliy tuzilmasida axborot xizmati shtat birliklari mavjud bo‘lsada, ayrim davlat idoralari yoki davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan Internet nashrlari va reklama agentliklari bilan yirik miqdordagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilgani aniqlandi.

Xususan, keng auditoriyaga ega axborot resurslariga o‘z faoliyatiga doir ma’lumot, PR maqolalarni joylashtirish maqsadida davlat boshqaruvi organlari 50-700 mln so‘mgacha, viloyat hokimliklari 50-100 mln so‘mgacha, ayrim davlat ishtirokidagi korxonalar esa 3-4 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi shartnomalar imzolagan.

Ushbu shartnomalarga muvofiq, OAVning auditoriyasi, nufuzi va boshqa bir qator ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, 1 ta axborot (maqola) joylashtirish yoki boshqa turdagi PR xizmatlari uchun narxlar o‘rtacha 1,5 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorlarni tashkil etgan.

Vaholanki, qonunchilikda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatining asosiy vazifalari belgilab berilgan bo‘lib, yuqorida qayd qilingan shartnomalar predmeti aslida axborot xizmatining funksional vazifasi hisoblanadi.

E’tiborlisi, ushbu shartnomalarning aksariyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan bo‘lib, ayrim shartnomalar bo‘yicha mablag‘lar ajratilishining huquqiy asoslari mavjud emasligi aniqlandi.

Xususan budjet tashkilotlariga tegishli bo‘lgan jamg‘armalarning Nizomida ushbu maqsadlarga pul mablag‘lari ajratish nazarda tutilmagan.

Ushbu holatlar mablag‘larning maqsadsiz sarflanishiga olib kelganligi bilan bir qatorda turli korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqishiga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, yetakchi OAVlar bilan shartnomalarning imzolanishi keng jamoatchilik, shu jumladan, mazkur OAVlar tomonidan buyurtmachi tashkilot faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘rganish natijalari bo‘yicha aniqlangan holatlar amaldagi qonunchilik normalariga muvofiq asosli sarflanganligini ko‘rib chiqish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuborildi.

Shuningdek, ushbu sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga kiritildi.

Jumladan, barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan OAV, reklama agentliklari va boshqa tadbirkorlik sub’ektlari bilan matbuot anjumani, brifing, mavzuli teleko‘rsatuv va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, reklama joylashtirish, maqola chop etish yuzasidan tuzilgan shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan resurs va muddatlarda majburiy ravishda ochiq e’lon qilib borish; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan davlat va nodavlat OAVlarning ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda belgilangan resurslarda e’lon qilib borish tartibini joriy qilish taklif etilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!