Chirchiq shahrida qalbaki haydovchilik guvohnomasidan foydalangan shaxs aniqlandi

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi ushbu qalbaki hujjatni internet orqali buyurtma qilib sotib olgan.
Toshkent viloyatida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan «Xavfsiz hudud» tadbirlari doirasida qator nazorat va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Chirchiq shahrida xizmat olib borayotgan viloyat IIBB YPX xodimlari tomonidan 2002 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi «Nexia» transport vositasi tekshirish uchun to‘xtatilgan.
Haydovchi (R.A) taqdim etgan haydovchilik guvohnomasi YPX inspektorida shubha uyg‘otgan. Markazlashgan tizim orqali o‘tkazilgan tekshiruv natijasida ushbu haydovchilik guvohnomasi mavjud emasligi va qalbaki tarzda tayyorlanganligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi ushbu qalbaki hujjatni internet orqali buyurtma qilib sotib olgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, hujjatlarni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish qonunchilikka muvofiq ravishda katta miqdordagi jarima yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi mumkin.