Chet elga olib ketishni va’da qilib, olgan pullarini qaytarmaganlarga huquqiy chora bormi?

Chet elga olib ketishni va’da qilib, olgan pullarini qaytarmaganlarga huquqiy chora bormi?

— Bundan 2 yil avval qo‘shnimiz erimni chet elga ishlashga olib ketishini aytib, 3 ming dollar olgandi. 2 yildan buyon pulimizni ham qaytarmadi, aldab yuribdi. Qayerga murojaat qilishimiz kerak?

Ismi sir tutildi.

Murojaatga Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Axror Sulaymonov javob berdi:
— Agar imkoni bo‘lsa, pul olgan shaxsdan tilxat yozib berishini talab qilish lozim. Zero, ushbu holatda tilxat ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yozma dalil hisoblanadi. Aks holda, javobgar pul olganligini tan olmasa, da’vogar buni isbotlay olmasligi mumkin.

Qonunga asosan sudda har bir taraf o‘zining talablari va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni isbotlashi shart (FPKning 72-moddasi).

Amaldagi qonunchilikka asosan (FPK 87-moddasi), qoida tariqasida, yozma dalillarning asli taqdim etiladi. Hujjatning ko‘chirma nusxasi (masalan, kseronusxasi, fotonusxasi) sud tomonidan inobatga olinmasligi mumkin.

Bundan tashqari, video yoki audio yozuv ham dalil sifatida baholanishi mumkin bo‘lib, bunda ushbu dalillar arz etilgan talablarning asosi sifatida boshqa dalillar yig‘indisi bilan birga baholanadi.

Pulni qaytarish (undirish) masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish lozim. Agar, shaxs pulni qaytarish maqsadini ko‘zlamasdan olgan bo‘lsa, uning xatti-harkatlarida firibgarlik alomatlari mavjud bo‘lishini inobatga olib, bu borada tuman (shahar) ichki ishlar bo‘linmalariga murojaat qilinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!