Bosh vazir Abdulla Aripov amaldorlardan din yoki davlatni tanlashni talab qildimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda "Bosh vazir Abdulla Aripov amaldorlarga qarata dinni yoki davlatdagi ishini tanlashi kerakligini aytgani" haqida xabarlar tarqaldi. Bosh vazir matbuot kotibi Begzod Xidoyatov buni inkor etdi.
"Ijtimoiy tarmoqlarda Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida o‘tkazilgan majlis tafsilotlari noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
Go‘yoki Bosh vazir amaldorlarga qarata dinni yoki davlatdagi ishini tanlashi kerakligini aytgandek qilib tarqatilayotgan xabarlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunida fuqarolarning diniy erkinligi va diniy e’tiqodi huquqiy jihatdan kafolatlab qo‘yilgan.
Blogerlardan tekshirilmagan va yolg‘on axborotlarni tarqatmasliklarini, tarmoq foydalanuvchilaridan esa bunday mavzudagi xabarlarga umuman ishonmasliklarini so‘raymiz", deyiladi bayonotda.