BMTning qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurash koalisiyasi bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi

BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va BMTning qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurash koalisiyasi raisi Feras Ziadat o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan BMTning qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurash koalisiyasi o‘rtasida yerlarning degradasiyasi va yer resurslarini barqaror boshqarish, shu jumladan, tajriba almashish, O‘zbekistonning qum va chang bo‘ronlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, eron va afg‘on shamollari natijasida bahor-kuz mavsumida Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida kuzatilayotgan qum va chang bo‘ronlari aholi salomatligi va hayvonot dunyosiga zarar yetkazayotgani ta’kidlandi.
BMT koalisiyasi raisi chang va qum bo‘ronlari tobora dolzarb bo‘lib borayotgan transchegaraviy muammo ekanligini, bu ayniqsa, tirikchiligi tabiiy resurslar va qishloq xo‘jaligiga bevosita bog‘liq bo‘lgan fermerlar va odamlarga jiddiy ta’sir qilishini ta’kidladi.
Chang va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish maqsadida yig‘ilishda FAO va BMTning qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurash koalisiyasi bilan hamkorlikda aniq metodologiyalar ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va muhim strategik yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va BMTning qum va chang bo‘ronlariga qarshi koalisiya delegasiyasining 2024 yil 12–17 fevralda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash (CMS COP-14) to‘g‘risidagi Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi hamda Samarqand iqlim forumida ishtirok etishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.