Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev: "Aytgancha, bugun testda qiziq ish bo‘ldi: "shpargalka" bilan qo‘lga tushdim"

Bloger  Xushnudbek Xudoyberdiyev: "Aytgancha, bugun testda qiziq ish bo‘ldi: "shpargalka" bilan qo‘lga tushdim"

"Tongda turib, testga borish arafasida abituriyent ruxsatnomasini chop etmaganim esimga tushib ketdi. Chunki testga borish haqida kecha tunda bir qarorga kelgandim.

Keyin shosha-pisha kompyuterni va printerni yoqdim, ruxsatnomani yuklab oldim. Shoshganda labbay topilmaydi, deganlariday, ruxsatnomani chop qilay desam, bo‘m-bo‘sh oq varaq topilmay qoldi. Keyin noiloj ish stolim ustida turgan duch kelgan qog‘ozning orqa tomoniga chop qilishga majbur bo‘ldim.

Testga bordim. Birinchi postdan o‘tdim. Ikkinchi postdan o‘tdim. Uchinchisiga kelganda tekshiruvchilar ruxsatnomamni qarashdi. Orqasidagi yozuvlarni ko‘rib, "nima bu?" deb so‘rashdi. "Shunchaki chernovikka chiqargandim" dedim xotirjam ohangda. Shu payt tekshiruvchi "Chernovikmas, shpargalka-ku bu" deb qolsa deng.

Keyin mundoq qarasam, ertalab shoshilinchda ruxsatnomamni "Zakovat" turniri uchun tayyorlangan savol-javoblar chop etilgan qog‘ozning orqasiga chiqargan ekanman. Butun varaq savol-javoblardan iborat edi😂

Obbo, bunisi necha puldan tushdi endi, deb turgandim, xayriyat, kuzatuvchilar tanib qolishdi, "Zakovat"ni savollarimi deyman" deyishdi. "Ha, shunaqa, bo‘sh varaq topolmay, shoshilib shunga chop qilgandim" dedim.

Xullas, o‘tkazvorishdi. Faqat ruxsatnomamni o‘zlari bilan olib qolishdi. Postda turgan Milliy gvardiya xodimi pasportimni olib, tezda boshqa yangi ruxsatnoma chiqartirib, olib kelib berdi.

Shunaqa gaplar. Sal qolsa, "shpargalka" bilan qo‘lga tushib, akt tuzib, testdan chetlashtirilib ketardim" deb yozadi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!