Berlinda Germaniya – O‘zbekiston II tibbiyot forumi o‘tkazildi

Berlinda Germaniya – O‘zbekiston II tibbiyot forumi o‘tkazildi

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida Germaniya – O‘zbekiston II tibbiyot forumi bo‘lib o‘tdi.

Elchixonamiz, mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Kox-Avisenna” Germaniya – O‘zbekiston tibbiyot jamiyati (DUMGKA) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda SSV mas’ullaridan iborat respublikamiz delegasiyasi, Germaniya Federal sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati va mas’ullari, ikki davlat soha mutaxassislari, yetakchi tibbiyot muassasalari va oliy o‘quv yurtlari, xususiy klinikalari, yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekistonning GFRdagi elchisi Dilshod Ahatov va DUMGKA boshqaruvi raisi o‘rinbosari professor Aksel Rixter mehmonlarni qutladi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil 2-3 may kunlari Germaniyaga rasmiy tashrifidan so‘ng 26-27 mayda Samarqandda tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston – Germaniya tibbiyot forumida soha bo‘yicha uzviy hamkorlikka tamal toshi qo‘yildi, – dedi D.Ahatov. – Berlin shahrida o‘tkazilgan ikkinchi forum ushbu muloqot platformasi davomiyligini ta’minlash, aniq tadbir va loyihalar amalga oshirish orqali ikki tomonlama aloqani yanada jadallashtirish istiqbolini muhokama qilishla muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov, Germaniya Federal sog‘liqni saqlash vazirligi davlat kotibi Tomas Shteffen, Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi prezidiumi a’zosi, professor Klaus Mangold va boshqalar ikkinchi anjuman ham ko‘p yillik o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi barobarida, sog‘liqni saqlash sohasidagi umumiy ustuvor vazifalar bo‘yicha istiqbolli loyihalarni belgilash, tibbiyot muassasalari o‘rtasida aniq kelishuvlarga erishish imkonini yaratishini qayd etdi.

Ahamiyatlisi, ushbu forum onkologiya, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiyot xodimlari – hamshira va feldsherlarni Germaniyaga ishga jalb qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!