Behuda xavotir va tashvishlardan qanday qutulish mumkin?

Behuda xavotir va tashvishlardan qanday qutulish mumkin?

Har birimizda vaqti-vaqti bilan yomon fikrlar paydo bo‘lib turadi — o‘zimiz yoki yaqinlarimiz bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan dahshatli narsalar haqida beixtiyor xavotirga tushamiz. Tibbiyot fanlari nomzodi, psixiatr, psixoterapevt Lena Kolesnichenko bilan birgalikda bu masalaga to‘xtalib o‘tamiz.

Yomon fikrlar asosidagi qo‘rquvlar o‘zimizga, harakatlarimizga va boshqalar biz haqimizda nima deb o‘ylashiga qaratilgan bo‘ladi. Bir tomondan, bunday notinch fikrlar foydali bo‘lishi mumkin — salbiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, har bir harakatimizda ehtiyotkor bo‘lib, oqibatlari haqida o‘ylashni boshlaymiz.

Boshqa tomondan esa bekordan bekorga tashvish chekishga moyil odamlar ham uchrab turadi. Ammo kelajak bilan bog‘liq bo‘lgan notinch fikrlar yoki tashvishlar oldinga qo‘yilgan maqsad sari yetaklamaydi, balki voqealarning o‘ta qo‘rqinchli bo‘lishiga odamni ishontirib qo‘yadi. Bunday tasavvurlar bamaylixotir mulohaza qilishga qo‘ymaydi, xotirjamlik va uyqu yo‘qolishiga olib keladi.

Bu kabi xayoliy tashvishlarni o‘zingiz mustaqil holda yengishga harakat qiling. Bu borada quyidagi tavsiyalar qo‘l kelishi mumkin:

  • nafas olish mashqlarini bajarish orqali xavotirni kamaytirishga urinib ko‘ring: besh marta shoshmasdan, chuqur nafas oling va chiqaring;
  • sizni bezovta qiladigan fikrlar haqida o‘zingizga savollar bering: Menda bunday tashvish va qo‘rquv uchun asos bormi? Meni bezovta qiladigan vaziyatni yakunlash uchun yana qanday imkoniyatlar yetishmayapti? Agar qo‘rqqanim ro‘y bersa, o‘zimga qanday yordam bera olaman? Endi salbiy natijaning oldini olish uchun nima qilishim kerak? Savollarga yozma ravishda javob bersangiz, yanayam yaxshi. Bu kabi xavotirli prognozlarni tahlil qilish ular bilan kurashishning ajoyib usuli hisoblanadi;
  • e’tiboringizni o‘zingiz uchun yoqimli bo‘lgan ishlarga qarating: toza havoda sayr qiling, sevimli musiqangizni tinglang, mazali taom tayyorlang.

Shuni yoddan chiqarmangki, tashvish va salbiy fikrlarni har doim ham o‘zingiz hal qila olmaysiz. Hozirgi kunda eng samarali davolash usullaridan biri bu — kognitiv xulq-atvor terapiyasidir. Bu muammoli fikrlashga qaratilgan va uni yo‘q qilish uchun samarali strategiyalarni taklif qiladigan psixoterapiya shakli hisoblanadi.

Davolashning yana bir usuli sifatida psixofarmakoterapiya tavsiya qilinadi. Davolashning bu usulida psixoterapevt (psixiatr) tashvish va xavotirlarni boshqarish uchun buyurishi mumkin bo‘lgan samarali dorilar mavjud. Ba’zida dorilar psixoterapiya uchun qo‘shimcha sifatida ishlatilishi mumkin, ammo ular har doim mutaxassis tomonidan tayinlanishi lozim.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!