Baydenning o‘g‘li 25 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Baydenning o‘g‘li 25 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Prezident Jo Baydenning o‘g‘li Xanterga 2018 yilda sotib olingan o‘qotar qurollarni harid qilayotganda yolg‘on ko‘rsatma berganlikda uchta ayblov qo‘yildi, deb xabar beradi CNN.

AQSh tarixida birinchi marta Adliya vazirligi amaldagi prezidentning o‘g‘liga ayblov e’lon qildi.

Ayblovlar iyul oyida Xanter Baydenning dastlabki ayblov kelishuvi muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin qo‘yilgan. Ayblovlar Jo Baydenning 2024 yilda AQSh prezidenti lavozimiga qayta saylanish kampaniyasi o‘rtasida jiddiy sud jarayoniga olib kelishi mumkin.

Xanter Baydenning huquqiy muammolari 2018 yil oktyabrda sotib olgan o‘qotar qurollardan kelib chiqdi. Delaverdagi qurol do‘konidan revolver sotib olayotganda, u hech qanday noqonuniy giyohvand moddalarni iste’mol qilmagani yoki ularga qaram bo‘lmaganligini aytib, federal blankda yolg‘on gapirgan. Garchi, aslida, sotib olish paytida u kokainga qaramlik bilan kurashgan.

O‘qotar qurol sotib olish yoki unga egalik qilish uchun blankalarni to‘ldirishda yolg‘on bayonot berish federal jinoyat hisoblanadi. Agar Xanter Bayden aybdor deb topilsa, 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Ayni paytda AQSh Kongressi Vakillar palatasi avvalroq prezident Baydenning o‘g‘lining biznes faoliyati bilan bog‘liq ravishda impichment jarayonini boshlashi mumkin bo‘lgan tergov boshlanganini e’lon qilgan edi.

CNN ta’kidlashicha, o‘zi to‘rt marta ayblangan AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Xanter Bayden haqidagi xabarni «qayg‘uli vaziyat» deb atagan.

«Bu qayg‘uli vaziyat, demoqchimanki, bundan hech kim xursand bo‘lmasligi kerak», – dedi Tramp.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!