«Barsa» Neymarni taklif etmaslikka qaror qilgan

«Barsa» Neymarni taklif etmaslikka qaror qilgan

Neymarning «Barselona»ga qaytish xohishiga qaramay, Kataloniya klubining bu transferdan voz kechgani sabablari ma’lum bo‘ldi.

Diario Sport xabariga ko‘ra, «Barsa» rahbariyati uchta sabab tufayli Neymarni taklif etish fikridan qaytgan.

Birinchi sabab – moliyaviy feyr-pley. Neymarning «PSJ» bilan hali kelishuvi borligi sababli, Kataloniya klubi Parij jamoasiga transfer puli to‘lashi lozim. Qolaversa, klub braziliyalik o‘yinchini La Ligada ro‘yxatdan o‘tkazishga hech qanday kafolat bera olmaydi.

Ikkinchi sabab – Neymarning jarohatlarga moyil ekani. 31 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumlarning muhim pallasida jarohatlar girdobida qolgani klub bu transferni rad etishining sabablaridan biri bo‘lgan.

Uchinchi sabab – Neymarning hayot tarzi. Braziliyalik hujumchining maishatlarga o‘chligi, turli bazm va oqshomlarning asosiy tashkilotchisiga aylanishi jamoadagi muhitni buzishidan klub xavfsiragan.

Avvalroq, Neymar «Barselona»ga qaytish uchun maoshi kamayishiga ham rozi ekani haqida xabar qilingandi. «MYu» ham Neymarning shu jihatlari sababli transferga qiziqish bildirmagani aytilgan edi.

Braziliyalik o‘yinchi parijlik muxlislar bilan munosabati sovuqlashgani sababli ham jamoani tark etmoqchi. Klub uni ketma-ket ikkinchi mavsum transferga qo‘ygan bo‘lsa-da, hozircha xaridor topa olmayapti.

Eslatib o‘tamiz, Neymar 2017 yil «Barsa»dan rekord - 222 mln yevro evaziga «PSJ» safiga o‘tgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!