Ayolning oilani barbod qiladigan to‘rt xatosi

Oilalarning buzilishiga sabab bo‘ladigan, ayollar tomonidan sodir etiladigan birinchi xato nomahram erkak bilan xoli qolib gaplashishdir.
Xoh telefon, xoh ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘lsin, bunday holat ayol tomonidan qilingan eng katta xato hisoblanadi. Kuzatishlarda, aynan shu xato tufayli ko‘p hollarda oilaning buzilishi bilan tugagan. Unutmang, erkak kishi ayolning har qanday kamchiliklariga sabr qilishi mumkin, ammo bu xatosiga sabr qila olmaydi. Ayoli nomahram erkak bilan telefon yoki internet orqali yolg‘iz gaplashayotganini ko‘rgan er mislsiz darajada g‘azabga to‘ladi. Ayol kishi bunday xato qilmaslikka ahamiyat berishi shart. Agar erning qalbida Mening ayolim begona erkaklar bilan gaplashmaydi, ularga yomon nazar bilan qaramaydi , degan tushuncha bo‘lsa va bu borada butunlay xotirjam bo‘lsa, ayolining qolgan barcha kamchiliklarini kechirib yuboraveradi. E’tibor berganmisiz, ayoli har qancha go‘zal bo‘lsa ham, eri taloq qilib yuborgan holatlar ko‘p uchraydi. Odatda bunga, yuqorida aytilganidek, arzimasdek ko‘ringan begona erkaklar bilan telefonda gaplashib qo‘ygani sabab bo‘ladi, xolos. Er ayolini ana shunday holatda ko‘rdimi, u qanchalik go‘zal bo‘lmasin, shu zahoti talog‘ini berib yuboradi.
Oilaning barbod bo‘lishiga olib keladigan ikkinchi xato erining ruxsatisiz uyidan chiqishdir.
Bu masalada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi mazmundagi hadislari kifoya qiladi:
Qaysi bir ayol erining ijozatisiz uyidan chiqsa, qaytib kirmagunicha Allohning farishtalari unga la’nat aytib turadi .
Yana bir hadisda: Qaysi bir ayol joiz bo‘lgan ishda erini norozi qilsa, uni rozi qilmagunicha Alloh taolo bu ayolning namozini qabul qilmaydi .
Xuddi shunday mazmunda qul haqidagi hadis ham kelgan:
Qul xojasining ijozatisiz qochib ketsa, qaytib kelmagunicha Alloh taolo uning o‘qigan namozlarini qabul qilmaydi .
Buni ayol kishi ham yaxshi tushunib yeta olsa, erining ruxsatisiz biror ortiqcha harakat qilmaydi.
Ayollar yo‘l qo‘yadigan uchinchi xato yo meni, yo uni deng deb, erining yaqinlaridan birontasini tanlashni shart qilib qo‘yishidir.
Ko‘pincha bu erning onasi, singlisi yoki ukasi bo‘ladi. Ayol bunday qilmasligi kerak. Chunki erning zimmasida ayolning haqqi bo‘lganidek, bundan oldin ota-onaning o‘g‘lidagi, opa-singillarning akasi yoki ukasidagi haqlari ham bo‘ladi. Ayol erini ulardan ajratish o‘rniga o‘zi ular bilan ahil bo‘lishga qattiq harakat qilishi kerak.
Ayollar tomonidan oilaning buzilishiga olib boruvchi to‘rtinchi xato uyga kech kelgan erni so‘roq qilishdir.
Ertalabdan kechgacha oilasini halol rizq bilan boqaman deb yurgan er gohida ishi tufayli, gohida do‘st-og‘aynilari sabab kechroq kelishi mumkin. Ayolning Erim kimgadir ilakishib qolgan , degan shubhaga borishi oilani barbod qiladigan omillardan biri hisoblanadi. Chunki erni u qilmagan bir gunoh bilan, asossiz ravishda ayblash erning qalbida nafrat uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. Agar er ayoli haqida xuddi shunday fikrga borsa, ayol sabr qila olarmidi? Demak, eri haqida ham bunday gumonga bormasligi kerak. Ayol eridan shunday gapni eshitganida qalbi og‘rigani kabi, erning ham bunday gumondan qalbi og‘riydi, albatta. Bu badgumonlik er-xotin o‘rtasida o‘zaro nafrat paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Ayollar shuni bilib olishlari kerakki, eriga itoatkor ayol bir kun kelib, erini ham o‘ziga itoatkor qilib oladi. Ya’ni ayolning doimiy ravishda erini roziligini topishga harakat qilishi natijasida erning qalbiga ayoliga nisbatan muhabbat kuchayadi. O‘zining roziligini topishga qattiq urinayotgan ayolini ko‘rgan erning qalbida endi ayoli rozi bo‘ladigan ishlarni qilishga ishtiyoq paydo bo‘ladi.
Erning ayolidan nafratlanishiga sabab bo‘ladigan ishlardan qatorida ayolning xudbinligi, qaysarligi kabi xunuk odatlar ham bor. Ayolning butun insoniyatga qaysarlik qilishi o‘z eriga qaysarlik qilishichalik ziyon keltirmaydi. Vaholanki, aksar ayollar butun insoniyat bilan murosa qilishga harakat qilgan holda, o‘z eriga nisbatan qaysarlik va itoatsizlik qiladi. Buning oqibati hamisha xunuk bo‘ladi.
Bularning yechimi har qanday holatda ayol erining oldida o‘zini ojiz tutishidir. Chunki ojizlik Alloh taoloning nazdida eng mahbub sifatlardandir. Alloh taolo qaysi bir bandasida O‘zi yaxshi ko‘rgan sifatni ko‘rsa, uni boshqa bandalariga mahbub qilib qo‘yadi. Ayol biron ishni o‘z vaqtida qila olmasa, kechikib qolsa yoki toqati yetmagan bo‘lsa, buning uchun eridan uzr so‘rashning nimasi qiyin? O‘zining xatosini tan olishning nimasi qiyin? Bunday holatda o‘zini baland tutib, o‘zini haq deb bilib, eriga qarshilik qilish, qaysarlik qilish faqat ayolning o‘ziga zarar keltiradi, xolos.
Manba: islom.uz