Avstraliya hukumati Afg‘onistondan uzr so‘radi

Avstraliya hukumati Afg‘onistondan uzr so‘radi

Avstraliya Qurolli kuchlari qo‘mondoni Angus Kempbell Afg‘oniston hududida avstraliyalik harbiylar tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlar uchun ushbu mamlakat xalqidan kechirim so‘radi.

Bu haqda «Kommersant»ga tayanib "korrespondent.uz" xabar berdi. Avvalroq Avstraliya hukumati Afg‘onistonda 2005 yildan 2016 yilgacha xizmat qilgan o‘z harbiylarining qoidabuzarliklari haqida hisobot e’lon qilgan edi. Gap qotilliklar va asossiz shafqatsizlik holatlari haqida bormoqda.

«Avstraliya mudofaa kuchlari nomidan Afg‘oniston xalqi qarshisida avstraliyalik askarlarning har qanday xatti-harakatlari uchun chin dildan va so‘zsiz uzr so‘rayman. Bunday xatti-harakatlar o‘z mamlakatida yordam berishni so‘rab bizga murojaat qilgan afg‘on xalqining bizga bildirgan ishonchiga nisbatan chuqur hurmatsizlik hisoblanadi», — dedi Kempbell matbuot anjumanida.

Avstraliya harbiylarining jinoyatlari haqidagi ma’ruza 400 dan ortiq guvohlarning ko‘rsatmalariga va o‘n minglab hujjatlar tahliliga asoslanadi. Unda 39 ta qotillik va ikkita asossiz ravishda shafqatsiz munosabat holati haqida aytiladi, ularning ko‘pchiligi 2009-2013 yillarda yuz bergan. Tavsiflangan holatlarning hech biri jang maydonida yuz bermagan. O‘ldirilgan afg‘onistonliklarning ko‘pchiligi harbiy asirlar bo‘lgan. Ma’ruzada jami 25 nafar amaldagi va sobiq avstraliyalik askarlarning ism-sharifi qayd etilgan.

Avstraliya Qurolli kuchlari qo‘mondonining aytishicha, ma’ruzada tilga olingan harbiy qismlar va bo‘linmalar isloh qilinadi yoki tugatiladi, harbiylarga nisbatan yakka tartibda qarorlar qabul qilinadi. Ma’ruzada ism-sharifi aytilgan harbiylar qo‘lga kiritgan mukofotlar va unvonlar bekor qilinadi.

Avstraliya o‘z harbiylarini Afg‘onistonga 2001 yilda yuborgan. 2013 yilgacha ularning soni qariyb 1,5 ming kishini tashkil qilgan. 2013 yildan buyon Afg‘onistonda 300 ga yaqin avstraliyalik harbiy qolmoqda, ular mahalliy harbiylarni o‘qitish va tayyorlash bilan shug‘ullanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!