Argentina jahon chempionatini tark etdi: omadsizlikning sabablari nimada?
2018 yilgi jahon chempionati nimchorak finalining dastlabi o‘yini yakunlandi. Chempionatning final o‘yiniga teng bo‘lgan Fransiya – Argentina to‘qnashuvida fransuzlar 4:3 hisobida zafar quchishdi. Messi va uning jamoadoshlari musobaqani erta tark etadigan bo‘lishdi. Xo‘sh, Argentinaning mazkur omadsizligining sababi nima?
BOSh MURABBIY MUAMMOSI
Ko‘pchilik jahon chempionatidan oldin Argentina terma jamoasining asosiy muammosi tarkib deb izohlayotgandi. Ammo mundial davomida ma’lum bo‘ldiki, asosiy muammo Xorxe Sampaoli, ya’ni bosh murabbiy ekan. Sampaoli shundoq ham barqaror bo‘lmagan tarkibni yanada chalkashtirib yubordi. Biz jahon chempionatida terma jamoada umuman nomi ma’lum bo‘lmagan, faqat argentinaliklar va Xorxe Sampaoligagina ma’lum bo‘lgan futbolchilarni ko‘rdik. O‘zingiz taqqoslang: Merkado va Mesa kabi futbolchilar Dibala va Iguain kabi futbolchilarning o‘rniga tushishga arzirmidi? Yoki Kristian Pavon Aguerodan ustunroqmi? To‘g‘ri, Pavon yoshdir, ammo chempionatda ko‘proq tajribali futbolchilar asqatishini Sampaoli bilishi kerak edi. Aksiga olib Argentina tarkibidagi yosh futbolchilar Mpabbe kapi iqtidorga, tezlikka ega emasga o‘xshab qoldi.
Aguyero maydonga tushganidan keyin o‘yin o‘zgarganini sezgandirsiz. Tajribali futbolchilar shunaqa bo‘lishadi. Shaxsan birinchi bo‘limda Amerika qit’asi vakillari 68 foiz ustunlikka ega bo‘lishdi. Ammo Di Mariyaning uzoqdan yo‘llangan zarbasini hisobga olmaganda tuzuk zarba ham berilmadi. Argentina terma jamoasining birinchi taymda pozision hujum natijasida biror marta xavfli zarba yo‘llaganini ko‘rdingizmi? Yo‘q. Bu kimning aybi — Sampaolining.
FRANSUZLAR — KUCHLI
Tan olish kerak, Fransiya terma jamoasi ayni damda Argentinadan kuchli. Sababi fransuzlarning har bir chizig‘ida yulduz futbolchi o‘ynaydi. Tarkibda barqarorlik bor, Lyoris APLda toblangan va toblanmoqda, Umtiti va Varan La Liganing ikki yetakchi jamoasida to‘p suradi, Pogba, Grizmann, Mbappe, Jiru, Kante — bular ham kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynashadi. Ular xalqaro musobaqalarda yetarlicha tajriba to‘plashgan. Xo‘sh, Argentina terma jamoasining tarkibini shunday tahlil qilib ko‘ringchi? Menimcha, farqni sezdingiz.
Bu Fransiya terma jamoasi finalga chiqsa ajablanmaymiz. Argentina esa uyiga qaytishga va 2022 yilgi chempionatga yanada kuchliroq tayyorlanishga majbur.
Fikrlarimiz ko‘p, ammo, bizningcha, hamma o‘zi uchun kerakli xulosani chiqarib bo‘ldi.