Arab dunyosi Trampning G‘azoni bo‘shatish va «Yaqin Sharq Riverasi» qurish rejasiga qarshi chiqdi

AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektorini bo‘shatib, o‘rniga turistik hudud qurish taklifi nafaqat HAMAS va «Hizbulloh» kabi qurolli guruhlar, balki arab davlatlari tomonidan ham keskin rad etildi.
Iordaniya qo‘shni davlat sifatida G‘azo qochqinlarini qabul qilish niyati yo‘qligini bildirdi. Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ay man Safadi: «Iordaniya iordaniyaliklar uchundir, Falastin esa falastinliklar uchun», – deya qat’iy bayonot berdi. Qirol Abdulla II ham shu fikrni qo‘llab-quvvatladi.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos ma’muriyati orqali Tramp rejasini «keskin» rad etdi. Falastinliklarning o‘z yerlaridagi qonuniy huquqlari «bahsga o‘rin qoldirmaydi», deyiladi rasmiy bayonotda.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Trampning bu taklifini «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, falastinliklarni majburan ko‘chirish – «na biz, na mintaqa qabul qila oladigan narsa».
Birlashgan Arab Amirliklari ham G‘azo aholisining majburan ko‘chirilishiga qat’iy qarshi ekanini bildirdi. OAVga ko‘ra, bu borada davlat tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqqan.
Eron Tramp rejasini keskin tanqid qildi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘oi: «G‘azoni bo‘shatish va falastinliklarni qo‘shni davlatlarga majburan ko‘chirish rejasi Isroilning falastinliklarni butunlay yo‘q qilish rejasi bilan bog‘liq», – dedi.
Arab dunyosi bir ovozdan ushbu taklifni qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.