Aqto‘beda yonib ketgan avtobus haydovchisi 52 o‘zbekistonlikning halokati haqidagi tafsilotlarni oshkor etdi

Aqto‘beda yonib ketgan avtobus haydovchisi 52 o‘zbekistonlikning halokati haqidagi tafsilotlarni oshkor etdi

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida yonib ketgan avtobus haydovchisi 52 nafar O‘zbekiston fuqarosining halokati haqidagi tafsilotlarni oshkor etdi, deb yozadi «daryo.uz».

17 sentyabr kuni ushbu ish bo‘yicha so‘rovlar davom etdi. Barot Tanatov o‘z ko‘rsatmalarini berdi. U Pernebekovga rulda yordam bergan. Tanatovning o‘zi Rossiyaga avtomobil sotib olish maqsadida yo‘lovchi sifatida otlangan. O‘sha mash’um kun — 18 yanvarda, Tanatovning so‘zlariga ko‘ra, kuchli sovuq bo‘lgan.

Solyar moyi sifatsiz bo‘lib chiqqani sababli avtobus to‘xtagan, yo‘lovchilar esa muzlashni boshlagan. Haydovchilar salonda benzinli kavsharlash lampasidan foydalanish xavfli ekanligini tushungan, ammo uni o‘sha kuni kim yoqqani noma’lum. Haydovchilar bunga aloqadorligini rad etmoqda.

«Ertalab 7:30 da uyg‘onganimda kavsharlash lampasi yonib turardi, yo‘lovchilar esa uning yonida isinib o‘tirishgandi. Shunda bu xavfli ekanligini, uni olib qo‘yish kerakligini aytdim. So‘ng kelib to‘xtagan avtobusdan bizni shatakka olishni so‘rash uchun ko‘chaga chiqdim. Ortimdan Qirg‘izboyev ham keldi. Maqsad Pernebekov bu paytda uxlayotgan edi», — dedi Barot Tanatov.

Ikkala haydovchi ham tashqariga chiqqanidan keyin yong‘in yuz bergan. Odamlar 7—10 daqiqa ichida yonib ketgan.

«Yo‘lovchilardan biri kavsharlash lampasini oyog‘i bilan turtib yuborgan. Ko‘chaga bir yo‘lovchi yugurib chiqdi, uning shimi yonayotgan edi. So‘ng yana bir yo‘lovchi va haydovchi Maqsad Pernebekov chiqdi. Eshik ochilganida, shamol tufayli alanga yanada avj oldi. U butun avtobusni qamrab oldi. Paqillagan tovush eshitildi. Qop-qora tutun qopladi. Biz avtobus oynalarini sindirib, ichkaridagilarga sakrab chiqishni aytib baqira boshladik. Qora tutun qamragan salondan odamlarning baqir-chaqirlari eshitilardi, ammo ulardan hech biri tashqariga sakrab chiqmadi», — dedi Tanatov.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!