AQSh taklif etadigan "oltin kartalar" qancha turadi?

AQSh mamlakatga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lganlar uchun "oltin kartalar" taklif qiladi.
AQSh badavlat xorijliklarga AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi hamda AQSh fuqaroligini olishga yo‘l ochadigan “oltin kartalar”ni sotadi, deb xabar beradi Kazinform agentligi DW nashriga tayanib.
AQSh prezidenti Donald Tramp Oval kabinetda jurnalistlar bilan suhbatda “oltin karta” narxi taxminan 5 million AQSh dollarini tashkil etishini ta’kidladi.
- “Oltin karta”ni sotmoqchimiz. Sizda grin-kart bor. Bu esa “oltin karta”. Biz ushbu kartani taxminan 5 million dollarga baholaymiz va bu sizga grin-kartning afzalliklarini beradi, shuningdek, bu fuqarolikka yo‘l bo‘ladi. Boy odamlar esa ushbu kartani sotib olib, mamlakatimizga kelishadi, - dedi Donald Tramp.
AQSh Savdo vaziri Govard Lyutnikning tushuntirishicha, “oltin karta” hukumatning EB-5 immigrasion vizasi dasturi o‘rnini bosadi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, “oltin kartalar” savdosi ikki hafta ichida boshlanishi mumkin. U millionlab kartalar sotilishini kutmoqda.
— Huquqiy nuqtai nazardan, bu mutlaqo qonuniydir, — dedi AQSh prezidenti.
Avvalroq Oq uy noqonuniy muhojirlarni deportasiya qilish boshlangani haqida xabar bergan edi.