AQSh poytaxtida ikki kunlik komendantlik soati joriy etildi

AQSh poytaxtida ikki kunlik komendantlik soati joriy etildi

AQSh poytaxti Vashingtonda dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00dan boshlab (Toshkent vaqti bilan seshanba 04:00) ikki kunga komendantlik soati joriy etildi.   

Bu haqda Vashington meri Myuriel Bouzer ma’lum qildi.

"Bugun Kolumbiya okrugi, Vashingtonda yangi komendantlik soati joriy etilishi to‘g‘risida farmoyish beraman. Komendantlik soati 19dan boshlanadi va ikki kun davom etadi", - dedi u.

Minneapolisda afroamerikalik Jorj Floydning o‘limidan so‘ng boshlangan tartibsizliklar sababli AQSh poytaxtida yakshanba kuni dushanba soat 06:00ga qadar komendantlik soati joriy etilgandi.  

Eslatib o‘tamiz, Jorj Floyd soxta puldan foydalanganlikda gumonlanib qo‘lga olingandi. Polisiyachilardan biri Derek Shovin Floyd nafas ololmay qolganini aytishiga qaramasdan, uning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turgan.

Bu holat tasvirlangan lavha internetda tarqaldi.Floyd bir necha soatdan keyin kasalxonada vafot etdi.

Namoyishlar Minneapolisda boshlandi va tartibsizliklarga aylanib ketdi. Boshqa shaharlarda dastlab tinch namoyishlar bo‘lib o‘tayotgandi, ammo keyin ularda ham tartibsizliklar boshlandi.

Noroziliklar bois 40ga yaqin shaharda komendantlik soati joriy etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!