AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni kuchaytiradi

Koreya Respublikasi, AQSh va Yaponiya yetakchilarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari BMT Xavfsizlik Kengashining KXDRga oid rezolyusiyalarini bajarish uchun mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar. Bu haqda Koreya Respublikasi Prezidenti ma’muriyati milliy xavfsizlik departamenti direktori Cho Txe Yonga tayanib, TASS ma’lum qildi.
– Biz Shimoliy Koreya BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyalariga ko‘ra, yadrosizlanishdan o‘tishi va harbiy hamkorlikdan voz kechishi shartligini tasdiqladik, xalqaro hamjamiyat tomonidan sanksiya to‘liq amalga oshirilishi uchun uch davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldik, - dedi Cho Txe Yong uch tomonlama muzokara yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.
Seulda Cho Txe Yong, Yaponiya Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Takeo Akiba va AQSh Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan uchrashdi. Cho Txe Yong qo‘shimcha qilishicha, ushbu hamkorlik doirasida real vaqt rejimida Shimoliy Koreya raketalarini uchirish bo‘yicha ma’lumot almashish va uch tomonlama mashg‘ulot jadvalini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
– Biz Kemp Devid kelishuviga muvofiq, iqtisodiy xavfsizlik, jumladan ta’minot zanjiri, texnologiyani himoya qilish, qo‘shma tadqiqot sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirishga kelishib oldik,- dedi Janubiy Koreya rasmiysi.
Bir kun avval Cho Txe Yong hamkasblari bilan alohida muzokara o‘tkazgandi.