AQSh Britaniyada taktik yadro qurolini joylashtirishi mumkin
Qo‘shma Shtatlar yaqin bir necha yil ichida Buyuk Britaniyadagi “Leykenhit” harbiy bazasiga taktik yadro qurolini joylashtirishi mumkin, deb yozdi “Telegraph” gazetasi.
– Vashington “Leykenhit” harbiy bazasida yangi taktik yadro qurollarini saqlash omborini qurmoqda. Ba’zi taktik jangovar kallaklar keyingi yilda, ya’ni, ushbu inshoot qurib bitkazilgach olib kelinishi kutilmoqda, -deyiladi nashr tarqatgan xabarda.
Gazetaning qayd etishicha, hozirda Yevropada Amerikaning 100 ga yaqin “B61” atom bombasi joylashtirilgan. Yanvar oyida “Telegraph” nashri AQSh 15 yil ichida birinchi marta Britaniyada yadro qurolini joylashtirishni rejalashtirayotgani, chunki Rossiyadan tahdid kuchayayotgani haqida xabar tarqatgan edi edi.
Yaqinda “New York Times” gazetasi tomonidan amerikalik kongressmenlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilib, natijalari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, bir qator amerikalik kongressmenlar boshqa mamlakatdan hujum sodir bo‘lgan taqdirda AQSh prezidenti tomonidan Kongress ruxsatisiz yadro qurolidan foydalanishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Gazetaning yozishicha, yanvar oyida AQSh Kongressi Vakillar palatasi va Senatda ish boshlaydigan 530 nafar kongressmen so‘rovda ishtirok etgan. Ulardan “Prezidentning bir tomonlama yadroviy javob zarbasini berish bo‘yicha huquqini qo‘llab-quvvatlaysizmi?” hamda “Prezident boshqa mamlakatning yadro hujumiga qarshi Kongress ruxsatisiz javob qaytarishiga rozimisiz?” deb so‘ralgan. Qiziq jihati, savollar orasida “AQSh saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Trampning bu vakolatlarga ega bo‘lishiga qanday fikr bildirasiz?” degan savol ham bo‘lgan.
Nashrning eslatishicha, bugungi kunda AQSh prezidenti mamlakat yadro arsenali ustidan to‘liq vakolatga ega. U “istalgan vaqtda va istalgan nishonga” faqat o‘z buyrug‘i bilan, muvofiqlashtirmasdan, oldindan zarba berishi mumkin.
Avvalroq “Wall Street Journal” xabardor manbalarga tayanib, AQShning bo‘lajak prezidenti Donald Tramp Eronda yadro quroli yaratilishining oldini olish maqsadida ushbu davlatga havo hujumlari uyushtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar tarqatgan edi.