Aprel oyida aholi eng ko‘p go‘sht, sut, elektr va tabiiy gaz narxi oshganini sezdi

Markaziy bank so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, aprel oyida aholi tomonidan sezilgan inflyasiya darajasi martdagiga nisbatan biroz oshib, 14,4 foizni tashkil etdi.
Hududlar kesimida sezilgan inflyasiya darajasining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida, eng past ko‘rsatkich esa Navoiy viloyatida kuzatildi.
O‘tgan oylar davomida aholi eng ko‘p go‘sht, sut, elektr va tabiiy gaz narxi oshganini sezdi. Shuningdek, aprel oyida elektr va tabiiy gaz (+1 foiz), benzin va yoqilg‘i (+1), meva-sabzavotlar (+1), o‘simlik yog‘i (+2), dorilar (+1), qurilish mollari (+2), kafe-restoran xizmatlari (+2), tibbiy xizmatlar (+1), ijara haqqi (+1), ta’lim xizmatlari (+1), shakar va qandolat (+1), ta’mirlash (+1), maishiy xizmatlar (+1) narxida yuqori o‘sish kuzatilganini qayd etgan respondentlar ulushi ko‘paydi.
Go‘sht va sut (-3), yo‘lkira va tashish xizmatlari (-1), kiyim va poyabzal (-1), tuxum narxida (-3) yuqori o‘sish kuzatilganini qayd etganlar ulushi martdagiga nisbatan kamaydi. Guruch hamda non va un bo‘yicha mazkur ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qoldi.
Daromadi mavjud bo‘lmagan va 5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining sezilgan inflyasiya darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichdan (14,4 foiz) yuqori shakllandi.
Sohalar kesimida eng yuqori sezilgan inflyasiya darajasini qurilish sohasi vakillari belgilagan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichni umumiy ovqatlanish sohasi vakillari qayd etdi.