Andijonda Jaloliddin Ahmadaliyev va Xamdam Sobirov qo‘shiqlaridan ruxsatsiz foydalangan kafe egasi javobgarlikka tortilishi mumkin
Andijondagi kafelardan biri xonandalar Jaloliddin Ahmadaliyev va Hamdam Sobirovlarning qo‘shiqlaridan ruxsatsiz foydalanayotganligi aniqlandi. Bu haqda Andijon viloyat adliya boshqarmasi xabar bermoqda.
«Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi Qonunning 45-moddasiga ko‘ra yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish va kabel orqali yuborishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, asardan, ijrodan, fonogrammadan yoxud efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuv yoki eshittirishidan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Agarda shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob’ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanilgan bo‘lsa Mazkur Qonunning 62-moddasiga asosan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilgan deb hisoblanadi.
Andijon viloyat adliya boshqarmasiga O‘zbekiston Respublikasi mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati Andijon shahridagi umumiy ovqatlanish joyida jamiyat a’zolari hisoblangan Xamdam Sobirov va Jaloliddin Ahmadaliyev ijrosidagi qo‘shiqlardan hech qanday ruxsatsiz hamda tegishli lisenziya shartnomasini tuzmagan holda foydalanayotganligi yuzasidan murojaat qilgan. Murojaatda jamiyat xonandalar bilan tuzilgan shartnomalarga asosan ijrochilarning mualliflik huquqi ob’ektlariga bo‘lgan mutlaq huquqini O‘zbekiston Respublikasi hududida himoya qilishi qayd qilingan.
Murojaatni ko‘rib chiqish davomida haqiqatan ham Andijon shahrida faoliyat yurituvchi «MO‘’JIZA SAVDO PLYUS» MCHJ tomonidan Xamdam Sobirov ijrosidagi «20 mart», «Tentakcham» hamda Jaloliddin Ahmadaliyev ijrosidagi «Janonim», «Yor bizdan ketdi» nomli qo‘shiqlari hech qanday ruxsatsiz va tegishli shartnoma tuzmagan holda omma e’tiboriga yetkazilib kelinayotganligi aniqlangan.
O‘rganish yuzasidan tadbirkorga yuqorida qayd etilgan qo‘shiqlarni foydalanadigan ijrolar ro‘yxatidan (pleylist) o‘chirishni so‘rab, taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, jamiyat rahbariga mualliflik va turdosh huquq ob’ektlaridan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanish lozimligi tushuntirilgan.
Ma’lumot uchun, agarda tadbirkor bir oy davomida taqdimnoma ijrosini ta’minlanmasa qonunchilikda belgilangan tartibda jazoga tortilishi mumkin.