Ana xolos! Sharmandali yakun: Germaniyaga “Messi” yetishmadimi?

Jahon chempionatida birinchi katta sensasiya qayd etildi. Chempionlikka asosiy da’vogar sifatida qaralayotgan, qolaversa, amaldagi jahon chempioni Germaniya mundialni sharmandalarcha tark etdi. Eng hayratlanarlisi, “nemis mashinasi” guruh bosqichi so‘nggi turida Janubiy Koreya terma jamoasiga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Qit’adoshlarimizni hurmat qilgan holda aytamizki, bu Germaniya uchun chinakam sharmandali natija bo‘ldi. Xo‘sh, bu mag‘lubiyatlarning sababi nima?
ETARLICHA TAYYORGARLIK KO‘RILMADI
Yoaxim Lyov boshchiligidagi Germaniyani avval jahon chempionligi, keyin esa Yevropa chempionligi ancha xotirjam qilgan ko‘rinadi. Lyov Germaniyaning yoshargan tarkibi bilan Konfederasiyalar kubogi chempioni bo‘lgach, jahon chempionatini ham qoyillataman deb o‘yladi, ammo bu jahon chempionati. Ortiqcha xotirjamlikka berilish salbiy oqibatlarga olib keladi.
NOTO‘G‘RI TARKIB
Lyovning eng katta xatosi — tarkib. Birinchidan, darvozani Noyer emas, Ter Shtegen qo‘riqlashi kerak edi. Ikkinchidan, murabbiy jahon chempionatiga mundial talablariga javob bera oladigan tarkib xususan hujumchi bilan tashrif buyurmadi. Myullerning darajasi hali jahon chempionati darajasiga javob bermaydi, Mario Gomes esa bunday darajadagi musobaqalarga arzimay qolgan. Xo‘sh, Lyovda boshqa variantlar yo‘qmidi? Bor, ko‘pchilik ayni damda musobaqaga chaqirilmagan Leroy Sane va boshqa futbolchilarni eslayotgandir. Yoaxim Lyov esa o‘zining iqtidoriga ortiqcha ishonib yubordi.
Qolaversa, tarkibdagi futbolchilarning ko‘pi jahon chempionati talabiga javob bermaydi. Bu fikrimizni nemislarning to‘pga ustunlik qila turib, raqib darvozasi tomon birorta ham xavfli zarba bera olmagani isbotlab turibdi. Axir hal qiluvchi Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda ham nemislar birorta yaqqol xavfli vaziyat yarata olishmadi.
Xullas, Germaniya kutilmagan, ammo haqli tarzda musobaqani tark etdi. Chunki autsayderni ham mag‘lub eta olmagan jamoa mundialda qolishga haqli emas. Ammo umid qilamizki, Germaniyaning mana shu tarkibi 2022 yilgi jahon chempionatida g‘oliblikka asosiy da’vogarga aylanadi.
GERMANIYAGA MESSI YETISHMADIMI?
Germaniya tarkibida Messi kabi yetakchi, murabbiyning xatolarini tuzata oladigan futbolchi yetishmadi. Argentina Sampaolining taktikalari ojiz qolgan bir paytda Messining tajribasida suyanib, kerakli natijaga erishgandi. Germaniyada ana shunday futbolchi yo‘q edi. Biroq ishonamizki, 2022 yilgacha nemislar bunday “Messi”lardan ko‘plari to‘p surayotgan bo‘ladi.