Amaldorlarga yoqmagan film: "Chuqur" seriali namoyishi nega to‘xtatildi?
Sevimli TV telekanali orqali 16 oydan buyon efirga uzatilayotgan "Chuqur" serialining namoyishi to‘xtatildi. Telekanal xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, amaldorlar jang sahnalari ko‘pligi tufayli filmni to‘xtatishga buyruq berishgan.
Uch oy avval Zo'R TV telekanali yana bir turk seriali "Qora sevgi"ning namoyishini "haqiqiy islom va o‘zbek milliy mintalitetiga to‘g‘ri kelmagani sabab" to‘xtatgan edi.
Sevimli TV telekanali ma’lum qilishicha, bir necha kun oldin namoyishi to‘xtatilgan "Chuqur" seriali boshqa efirga chiqmaydi.
Bu serial Sevimli telekanalida 2019 yilning 13 iyunidan boshlab namoyish etilayotgan edi. O‘tgan davr mobaynida serialning ikkita mavsumi efirga uzatildi. Tomoshabinlar ikkinchi mavsumning 57-qismini tomosha qilishga ulgurishdi.
"Men "Chuqur" seriali namoyishining tiklanishi tarafdoriman. Sevimli telekanalining bu qaroridan noroziman", deb yozadi Feysbuk foydalanuvchilaridan biri.
29 oktyabr kuni Sevimli telekanali xodimi bergan ma’lumotga ko‘ra, turk serialining namoyishi "efir jadvalining yangilangani" sabab to‘xtatib qo‘yilgan.
- Biz yaqinda efir jadvaliga o‘zgartirish kiritdik. Shu sabab xozircha jadvalda "Chuqur" seriali uchun joy topilmayapti, - degan telekanal xodimi.
Biroq, teletomoshabinlarning so‘zlariga ko‘ra, 28 oktyabr kuni telekanal "Chuqur" serialini boshqa bir serial bilan almashtirgan.
"Telekanal xodimlari hammani aldayapti. Kecha ularga qo‘ng‘iroq qilganimda, serialni sotib olish uchun pullari yo‘qligini aytishdi... Nahotka boshqa bir serialni sotib olishga pul topgan telekanal "Chuqur" seriali uchun mablag‘ topa olmagan?" - deb yozadi Facebook foydalanuvchisi FarruxSoyipov.
Telekanalning boshqa bir xodimi serilada urish sahnalari ko‘pligi sabab efirdan olib tashlanganini aytgan.
- Men o‘zim boshqa bir bo‘limda ishlayman. Bilishimcha, yuqori darajadagi rahbarlardan biriga seriladagi jang sahnalari ko‘pligi yoqmagan. Shu sabab ular bu serialni to‘xtatishdi. Xozir ular tahririyatga murojaat qilgan tomoshabinlarni yaqin orada serial namoyishi tiklanishini aytib, aldashmoqda. Har kuni tahririyatga ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘lyapti. Bu serialni yutubda tomosha qilish uchun hammaning ham uyida internet yo‘q. So‘nggi bir yarim yil ichida ular bu serialga o‘rganib qolishgan. Tomoshabinlar serial to‘satdan to‘xtatib qo‘yilgani uchun telekanaldan xafa bo‘lishyapti.
Qayd etish lozimki, yurtimizda seriallarning to‘xtatib qo‘yilishi bilan bog‘liq birinchi hodisa emas.
Masalan, uch oy oldin ZO’R TV telekanali "Qora sevgi" nomli turk serialini to‘xtatgan edi.
ZO’R TV telekanalida namoyish etilgan "Hovli" turk seriali ham tomoshabinlarda katta norozilik keltirib chiqargan edi. Shundan so‘ng telekanal rahbariyati serial namoyishini biroz keyinga surishga majbur bo‘lgan.
ca-news.org
