Allohning go‘zal ismlari. Al-Jabbor (10)
«Al-Jabbor» sifatining ma’nosi oliy qadar ulug‘ Zot, huzurida hamma o‘zini xor tutadigan Zot demakdir. U zot kambag‘allarni behojat qiladi, har bir qiynalganni yengillikka chiqaradi, musibatga uchraganlarni sabot va sabrga muvaffaq qiladi, agar majburiyatlarini ado qilishsa, musibat evaziga ulkan ajrga musharraf qiladi. Siniq qalblar u Zot sababli tuzalur. Duodagi «Allohumma ujburniy» so‘zi bandaning islohi va unga zarar beruvchi barcha narsani daf’ qilish haqiqatidir.
Al Jabbor so‘zi Qur’oni karimda bir joyda, "Hashr" surasining 23 oyatida zikr qilingan.
Hammamizga ma’lumki, Allohning ismi zot, ismi sifat, ismi fe’l, ismi tanzih va ismi ta’zim kabi ismlari bor. Al Jabbor ismi ismi ta’zimga taalluqlidir. Alloh taolo hadisi qudsiyda: «Takabburlik Mening libosimdir, azamat Mening ridoimdir. Kim bularning birortasi borasida Men bilan talashsa, uni do‘zaxga uloqtiraman», degan. (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ba’zan maxluqotlarini qiyin bir imtihonga soladi. Ushbu imtihonda Allohning dushmanlari kuchli bo‘ladi. Ular aytgan narsalarini amalga oshiradilar. Shunda iymoni zaiflar ularni iloh deb o‘ylab, ular oldida tiz cho‘kishadi. Aslida Alloh taolo al-Jabbor ismini ham, al-Qahhor ismini ham, al-Aziz ismini ham hech kimga topshirib qo‘ymaydi. Aksincha, bu maqomlarga da’vogarlik qilishga uringanlarni yakson qiladi. Ammo U Zot biror ummatni yo‘q qilish uchun ma’lum muddatni ta’yin qilib qo‘ygan bo‘lib, o‘sha muddat kelguncha qo‘yib beradi, xolos. Kishilar yoki millatlar har qancha umr ko‘rmasin, agar zulm va tug‘yonga ketib, boshqalarga jabr-zulm qilishsa, Alloh belgilangan muddatda ularni yakson qiladi.
Al Jabbor sifati Allohga nisbatan ishlatilganda komillik ma’nosini anglatib, Uning azamatiga dalolat qiladi. Ammo insonga nisbatan «Falonchi jabbor», ya’ni jabr-sitam qiluvchi desak, bu ismda nuqson bo‘ladi, chunki u insonda noqis vasf bilan ataladi.
«Alloh har bir mutakabbir va zo‘ravon qalbni ana shunday muhrlaydi» ("G‘ofir" surasi, 35 oyat).
Banda nima qilsa ham baribir bandadir, Robb esa Robbdir. Bandaning ishi muhtojlikdir. Bashariyatning eng oliy cho‘qqisi bo‘lgan payg‘ambarlar ham «taom yer, bozorlarda yurar» edilar ("Furqon" surasi, 20 oyat).
Bir inson takabburlik qilsa, haqsiz takabburlik qilgan bo‘ladi, chunki aslida u zaif, faqir va johildir. Uning takabburligi botildir. Ammo Alloh taoloni ulkan desak, U Zotning azamatini har qancha bilmaylik, U Zot biz o‘ylagandan ham buyukdir. U Zotning qudratini bilamiz desak, U Zot biz o‘ylagandan ham qudratlidir. Haqiqiy al Jabbor sifatiga ega bo‘lgan Zot Alloh taolodir. Uni idrok qilishga fikr ojiz, uni oddiy ko‘z qamrab ololmaydi. Allohni har qancha vasf qilmaylik, U Zot uning xilofidir. Chunki Uni yerdagi biror tomon qamrab olishi, to‘liq bilishi mumkin emas. Hatto payg‘ambarlar ham Allohni nisbiy ma’rifat orqali tanishadi. Allohning Zotini faqat Allohning O‘zi biladi.
Al Jabbor so‘zi nafs uchun mahbub so‘zlardandir. Alloh mazlumga ham jabbordir (yordamchidir), kambag‘alga ham jabbordir, bemorga ham jabbordir, mahrumga ham jabbordir, muammoga uchragan kimsa uchun ham jabbordir.
«Al Jabbor» so‘zining birinchi ma’nosi yetishib bo‘lmaydigan darajada oliy deganidir. Insonga nisbatan «jabbor» sifatini ishlatish faqat salbiy ma’noda bo‘ladi, chunki u ubudiyat ustidan oliy bo‘lmoqda. Aslida inson Allohga va Allohning hukmiga bo‘yin egishi kerak edi. Agar bir insonni jabbor, ya’ni qudratli va beshafqat desak ham, Alloh taolo uni albatta yakson qiladi, degan ma’no tushunilaveradi.
«Al Jabbor» so‘zining ikkinchi ma’nosi ishlarni isloh qiluvchidir. Alloh singanlarni sozlaydi, zaiflarga quvvat ato qiladi. Demak, Alloh biror kishining ahvolini isloh qilsa, o‘sha banda emas, U Zotning O‘zi al Jabbor bo‘ladi, chunki zaifni kuchli qilgan, johilni ilmli qilgan, mazlumga yordam beradigan ham U Zotdir.
«Al Jabbor» so‘zi zaif banda tomonidan yeru osmonlarning Xoliqiga nisbatan ishlatilsa, o‘ziga xos ma’noni ifoda qiladi. Masalan, moli sotilmayotgan tijoratchi «Ey Jabbor! Uning sotilishida yordam ber!» desa, Alloh taolo uning bozoriga rivoj ato qiladi, xavfga tushgan kishi: «Ey Jabbor! Menga omonlik ber!» desa, unga xotirjamlik ato qiladi, mazlum: «Ey Jabbor! Menga yordam qil!» desa, uni qutqaradi, kambag‘al: «Ey Jabbor! Meni behojat qil!» desa, uni boy-badavlat qiladi.
«Al Jabbor» so‘zining uchinchi ma’nosi zolimga zarba berib, mazlumga najot beruvchi Zotdir.
«Al Jabbor» so‘zining to‘rtinchi ma’nosi xohlagan ishini bajaruvchi Zot deganidir.
«Al Jabbor» so‘zining beshinchi ma’nosi singan qalblarni joyiga keltiruvchi Zotdir.
«Al Jabbor» so‘zining oltinchi ma’nosi O‘zi iroda qilgan narsaga yo‘llovchi Zotdir. Sen bir narsani xohlaysan, men boshqa narsani xohlayman, Alloh esa O‘zi xohlaganini amalga oshiradi. Alloh istagan edi, olovni salqin qilib qo‘ydi, uni omonlikka aylantirib qo‘ydi. «Ey olov, sen Ibrohim uchun salqin bo‘l, salomatlik bo‘l!» dedik. Ular unga (Ibrohimga) yomonlik iroda qilgan edilar. Biz esa ularni eng ziyon ko‘rganlardan qilib qo‘ydik» ("Anbiyo" surasi, 69 oyat).
Bu haqda bir ramziy qissa bor. Bir kishi xotini bilan tovuq yeb o‘tirgan edi, eshik taqillab qoldi. Xotini borib qarasa, tilanchi ekan. Xotin tilanchiga o‘sha ovqatdan bermoqchi edi, eri uni jerkib, «Uni haydab yubor», dedi. Xotin uni haydab yubordi. Keyinchalik er xotinni orasiga sovuqlik tushib, er xotinini taloq qildi. So‘ngra boshqa kishi kelib, sovchi qo‘yib u xotinga o‘ylandi. Kunlarning birida u ikkinchi eri bilan tovuq yeb o‘tirgan edi, eshik taqillab qoldi. Xotin eshikni ochish uchun borsa, tilanchi ekan. Xotin tilanchini ko‘rgach, qiyin ahvolga tushib qoldi. Eri: «Eshikni taqillatgan kim ekan?» degan edi, xotin: «Avvalgi erim ekan» dedi. Shunda ikkinchi eri: «Avvalgi tilanchi men edim!» dedi.
Alloh Jabbor Zotdir, katta va balandparvoz gaplarni gapirishdan hazir bo‘l!
«Al Jabbor» so‘zining yettinchi ma’nosi inson tasavvuri yeta olmaydigan Zotdir. Allohni qanday tasavvur qilmaylik, U Zot buning aksidir. Xayolimizga Alloh haqida nima fikr kelsa, Alloh uning aksidir.
Alloh taoloning barcha ismlari bu dunyoda amalga namoyon bo‘ladi. Ammo «al-Adl» ismi juz’iy holda amalga oshadi. Alloh taolo barcha zolimlarni emas, ularning ba’zilarini qolganlar zulmdan to‘xtashi uchun azoblaydi. Ba’zi yaxshi odamlarni esa qolganlarni shijoatlantirish uchun mukofotlaydi. Lekin mukofotning naqdi Qiyomat kuni bo‘ladi. Alloh bu haqda: «Qiyomat kuni ajrlaringizni to‘lig‘icha olursiz», degan ("Oli" imron surasi, 185 oyat).
Eng kuchli Zot bilan birga bo‘lishni xohlasang, al Jabbor sifatli Zot bilan birga bo‘l!
Alloh taolo barchamizni jabbor bo‘lishdan asrasin va bizning foydamizga al Jabbor sifati bilan tajalliy qilsin!
Manba: azon.uz
