Afg‘oniston chegarasida paxta terimi boshlandi

Afg‘oniston chegarasida paxta terimi boshlandi

Angor tumanidagi Novshahar mahallasi Surxondaryo viloyatining Afg‘oniston bilan chegarasida joylashgan. Mahalladagi 1 ming 58 oilada 3 ming 880 dan ortiq turkman, o‘zbek, rus, tatar, tojik, qozoq millatiga mansub aholi istiqomat qiladi.
Ko‘p millatli chegara hududda bitta mahalla guzari, 11 ta savdo do‘koni, bitta oilaviy qishloq vrachlik punkti aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. 11 ta issiqxona mavjud. Mahalla ahli 786 dehqon va to‘rtta fermer xo‘jaligida dehqonchilik, chorvachilik, asalarichilik, parrandachilik bilan shug‘ullanadi.

Shu kunlarda hududda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ishtirib olish qizg‘in pallaga kirdi.

Joriy yilda Angor tumanidagi “Angor Surxon G’ururi” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri 4 ming 659 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi. Klaster dehqonlari Novshahar mahallasi hududidagi qariyb 484 gektar maydonda ham paxta yetishtirdi. Ayni kunlarda hosil yig‘im-terimi uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.


Novshaharlik Gulandom Nurova boshchilik qilayotgan otryad o‘z safiga 70 ga yaqin terimchini birlashtirgan. Mavsumning dastlabki kunlaridan ular shijoat bilan mehnat qilib, Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan maydonlardagi hosilni tez, sifatli terib, yig‘ib olmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shni afg‘on-o‘zbek chegarasi haqida turli xabarlar berilayotgani ham qo‘shni mamlakat bilan chegarada yashab, dehqonchilik qilayotgan aholi hayoti ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otayotgani sir emas.

– Men Novshahar mahallasida yashayman, – deydi otryad rahbari Gulandom Nurova. –Uylarimiz Afg‘onistonga yaqin. Lekin, hech qanday xavf yo‘q. Janjal yo‘q. Mana paxta terimi ham boshlandi. Oltmish-etmish terimchim bor. Kuniga 80-90 kilogrammdan paxta teryapmiz. Klaster issiq ovqatlarimizgacha beryapti. Hech qanday kamchilik yo‘q. Bundan bir oy avval o‘q ovozini eshitgan edik. Lekin, hozir hamma narsa joyida. Tinch yashayapmiz. Chegaramiz osuda.

Joriy yilda 5 ming 651 gektar maydonda paxta yetishtirayotgan angorlik mirishkorlar hosilni tez kunlarda yig‘ishtirib olish uchun 184 ta otryad tashkil etdi. Terimning ilk kunlarida 70 ta otryadga birlashgan to‘rt mingga yaqin terimchi hosilni yig‘ishtirib olishga kirishdi. Bu yilgi mavsumda paxta parvarishlagan “Angor Surxon G’ururi” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri va 22 ta fermer xo‘jaligi yig‘im-terim mavsumiga har kuni o‘n ikki mingdan ortiq terimchi jalb etishni mo‘ljallamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!