Advokatlarga uch kundan beri Navalniy bilan uchrashishga ruxsat berilmayapti

Uchinchi kundirki, Aleksey Navalniy o‘z da’volari bo‘yicha sud majlislariga ulanmayapti, dedi muxolifatchining matbuot kotibi. O‘tgan hafta siyosatchi koloniyada kasal bo‘lib qolgani va unga tomizg‘ich qo‘yilgani ma’lum bo‘lgandi.
Vladimir viloyatidagi 6-sonli qattiq tartibdagi axloq tuzatish koloniyasida saqlanayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyga ketma-ket uchinchi kun advokatlar bilan uchrashishga ruxsat berilmadi. Bu haqda 8 dekabr, juma kuni siyosatchining matbuot kotibi Kira Yarmish ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyning advokatlari nafaqat IK-6, balki 7-sonli maxsus rejimli axloq tuzatish koloniyasiga ham kelgan. «Hamma joyda «kutib turing» deyishdi va oxir-oqibat uchrashuv taqdim etishdan bosh tortishdi», deb yozadi Yarmish X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida, u bu «ayniqsa tashvishli» ekanligini qo‘shimcha qildi, chunki o‘tgan hafta Navalniy kasal bo‘lib qolgan - uning boshi aylanib, holsizlangan.
«Koloniya xodimlari zudlik bilan yugurib kelib, karavotni tushirib, Alekseyni yotqizib, tomizg‘ich qo‘ydi. Bu nima ekanligini bilmaymiz, lekin u ovqatdan mahrum bo‘lganini, ventilyasiyasiz jazo kamerasida saqlanganini hisobga olsak, hushidan ketganga o‘xshardi. O‘sha voqeadan so‘ng advokatlar Alekseyni ko‘rishdi, u nisbatan yaxshi edi. Ammo uchinchi kundirki, biz uning qayerdaligini bilmaymiz», dedi Yarmish.
Navalniyning matbuot kotibi, shuningdek, siyosatchidan bu hafta hech qanday xat kelib tushmagani, unga yuborilganlar esa yetkazilmaganini aytdi. Bundan tashqari, Yarmishning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch kun ichida Navalniy o‘z da’volari bo‘yicha sud majlislariga video-aloqa orqali ulanmagan. Koloniya xodimlari buni «avariya» va elektr energiyasi yo‘qligi bilan izohladi.