84 yoshli bemorda aortal klapan implantasiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

84 yoshli bemorda aortal klapan implantasiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

Tomir orqali amalga oshiriladigan aortal klapan implantasiyasi yuqori texnologik jarrohlik operasiyasi hisoblanadi.

U bemorning ko‘krak qafasini ochmagan holda, chuqur umumiy narkozsiz, oyoq-son arteriyasiga maxsus kateterlarni kiritish yordamida bajariladi.

Amaliyot, asosan, aortal klapanning kritik torayishi kuzatilgan katta yoshli kishilarda, ochiq turdagi an’anaviy operasiyalarga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lganda o‘tkaziladi.

Bu muolaja usuli respublikamizda 30 martaga yaqin, viloyatlar kesimida esa so‘nggi ikki yilda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida ikki marotaba bajarilgan.

Navbatdagi shunday yuqori texnologik operasiya akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazildi.

Unga mazkur muassasa bo‘lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori Mirjamol Zufarov, Moskvadagi A.L.Myasnikov nomidagi kardiologiya markazi professori Timur Imayev va tibbiyot fanlari doktori Nabijon Yo‘ldoshev boshchilik qildi.

Eng muhimi, amaliyot natijasida 84 yoshli bemor otaxon bir necha yillik og‘ir darddan xalos bo‘ldi.

— Operasiya muvaffaqiyatli o‘tdi, — deydi N. Yo‘ldoshev. — Bemorning aortal klapan ko‘rsatkichlari jarrohlik xonasining o‘zidayoq yaxshilandi. Mahalliy va xorijlik mutaxassislar hamkorligi tufayli otaxon yaqinlari bag‘riga sog‘-salomat qaytadigan bo‘ldi.

Kelgusida bunday murakkab jarrohlik amaliyotlari yurtimizning barcha hududlarida bajarilishi rejalashtirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!