20 dollarlik banknotada afroamerikalik Garriyet Tabmenning tasviri paydo bo‘ladi

20 dollarlik banknotada afroamerikalik Garriyet Tabmenning tasviri paydo bo‘ladi

AQSh moliya vazirligi XIX asrda qullarning ozod qilinishi harakati faollaridan biri, afroamerikalik Garriyet Tabmenning tasviri tushiriladigan 20 dollarlik kupyuraning chiqarilishini tezlashtirishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki ma’lum qildi. 

Uning aytishicha, AQSh banknotalari mamlakatning tarixi va turfa xilligini aks ettirishi muhim hisoblanadi. Shu sababli moliya vazirligi yuqoridagi masala bo‘yicha ishni tezlatish imkoniyatini o‘rganmoqda.

Dastlab Tabmenning suratini 20 dollarlik kupyurada joylashtirish qarori AQShning sobiq prezidenti Barak Obama ma’muriyati tomonidan qabul qilingan.

Biroq Obamadan keyingi prezident Donald Tramp vaqtida ushbu qarorning amalga oshirilishi 2028 yilga qoldirilgandi. Tramp ta’kidlaganidek, u hozirda 20 dollarlikda tasvirlangan 7-prezident Endryu Jeksonni juda hurmat qiladi.

Tramp 2020 yil 4 iyulda AQSh mustaqilligi kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqida o‘z talqini bo‘yicha buyuk amerikaliklar ro‘yxatini e’lon qilgandi. Sobiq prezident bu ro‘yxatga AQShning asoschi-otalari, urush qahramonlari, afroamerikaliklar huquqlari uchun kurashchilar, aviatorlarni kiritgan. Trampning ushbu ro‘yxatiga Garriyet Tabmen afroamerikaliklar huquqlari kurashchisi sifatida kiritilgan.

Garriyet Tabmen (qizlikdagi ismi Araminta Ross) AQShda quldorlikning bekor qilinishi va islohotlar kurashchisi hisoblanib, yuzlab afroamerikaliklarni qullikdan qutqargan. U haqida ko‘plab kitoblar yozilgan va filmlar ishlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!