2 ta viloyatda o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi
Ta’lim sohasi davlatimiz e’tibor markazidagi eng muhim yo‘nalishlardan sanaladi. Bu bejiz emas. Chunki yosh avlodning intellektual salohiyatli bo‘lib kamol topishi ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlarga hamda ta’lim sifatiga bevosita bog‘liq.
Shu nuqtayi nazardan aytganda, 2024 yilgi Davlat dasturi loyihasining asosiy qismi ta’lim sohasiga qaratilgan bo‘lib, unda ushbu yo‘nalish 44 ta maqsadni o‘z ichiga olgan.
Birinchi maqsad — maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash bo‘lib, bu borada aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda.
Shu o‘rinda sifatli ta’lim berishda ustozlarning o‘rni beqiyosligini alohida qayd etish joiz. Shu bois loyihada umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash shuningdek, o‘qituvchilarni yangi metodikalar bo‘yicha malakasini oshirish, 100 nafar pedagoglarni xorij davlatlariga «El-yurt umidi» jamg‘armasi ko‘magida, tasdiqlangan reja asosida malakasini oshirish uchun yuborish ko‘zda tutilgani e’tiborga molik.
Olis va chekka hududlarda tajriba sinov tariqasida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslar yo‘lga qo‘yish, shu orqali ularning xavfsiz va qulay qatnovini yo‘lga qo‘yish tashkil etilishi ham ayni muddaodir.
Bir so‘z bilan aytganda, Davlat dasturi loyihasida belgilangan vazifalar yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligini ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ta’limga oid chora-tadbirlar o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda keng imkoniyat yaratadi.
Biz, deputatlar, o‘z navbatida, dasturilamal hujjatda ilgari surilayotgan hayotiy tashabbus va takliflarni qo‘llab quvvatlagan holda ularning ijrosini ta’minlashda parlament nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini tatbiq etish orqali yanada faol ishtirok etishimiz maqsadga muvofiqdir.
