Zo‘ravonlik ortidan bir oila barbod bo‘ldi

Zo‘ravonlik ortidan bir oila barbod bo‘ldi

Har qanday oilada ham o‘zaro tushunmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Kelishmovchilikka sabab bo‘luvchi omil vazminlik bilan bartaraf etilsa, vaziyat yumshaydi, xonadon a’zolari yana avvalgiday ahil-inoq yashayveradilar. Biroq ba’zan arzimas holatlar oilaviy zo‘ravonlikka aylanib ketishi ortidan ayollarning jismoniy va ruhiy tazyiq ostida qolish hollari ham yo‘q emas. Bunday vaziyat hatto oilalarning parokanda bo‘lishigacha olib kelmoqda. Yaqinda Andijon viloyati sudining fuqarolik sudlov hay’atida ko‘rib chiqilgan ish ham ushbu fikrning isbotidir.

Jumladan, Nodira Husanovaning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtalarida tuzilgan qonuniy nikohdan ajratishni so‘rab kiritgan da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan qanoatlantiriladi. Biroq ayolning turmush o‘rtog‘i sud qaroridan norozi bo‘lib, apellyasiya shikoyati keltiradi. Viloyat sudida holat atroflicha ko‘rib chiqildi, yakunda quyi sud hal qiluv qarorini o‘zgartirishga asoslar mavjud emas, ya’ni qonuniy to‘xtamga kelingan, degan xulosa berildi.

Xo‘sh, ikki farzand dunyoga kelgan 14 yillik oilaning barbod bo‘lishiga nima sabab bo‘ldi?

Ma’lum bo‘lishicha, taraflar o‘zaro kelishmovchiliklar sababli bir yildan buyon birga yashamaganlar. Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan taraflarga yarashib olishlari uchun olti oy muhlat berilgan.

Bu muddat davomida taraflar istiqomat qilib kelayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini huzuridagi oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi tomonidan er-xotinni yarashtirish choralari ko‘rilgan, biroq urinishlar natija bermagan.

Sud majlisida Nodira Husanova javobgar uni 20 kunlik kelinchakligidan urishni boshlaganligini, bir necha marotaba ota-onasining uyiga ketganligini, har safar turmush o‘rtog‘i kechirim so‘rab uyiga olib kelishini, lekin hech qancha vaqt o‘tmasdan spirtli ichimliklar iste’mol qilib, arzimagan asoslarni vaj qilib ko‘p azob berganini ta’kidlagan. Qolaversa, javobgar uni hech qayerda ishlatmaganligini yoki oilani moddiy ta’minlamaganligini, shuningdek, o‘tgan yilning noyabr oyida qattiq urganligini, shundan so‘ng himoya orderi olganligini ma’lum qilgan.

Oilani tiklash imkoni qolmaganligi ish hujjatlaridagi har ikki MFY huzuridagi oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari tomonidan tuzilgan xulosalar, jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining qarori, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar uchun himoya orderining mavjudligi bilan ham tasdig‘ini topgan.

Xulosa shuki, ojiz insongina aqliga emas, mushtiga zo‘r beradi. Chunki zo‘ravonlik ojizlik belgisidir. Mushtumzo‘rlik esa nainki oilani barbod qiladi, farzandlar kelajagiga, ruhiyati va taqdiriga salbiy ta’sir etadi. Bu illatning eng og‘riqli jihati ham shu.

Cho‘lponoy Ismoilova,
Andijon viloyati sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!