Zelenskiy AESning AQShga berilishini rad etdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Ukraina atom elektr stansiyalarini Amerika mulkiga o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilmaganini aytdi. Bu haqda u Osloda Norvegiya bosh vaziri Yonas Gahr Styor bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
💬 "Ular [AQSH] uni ruslardan olmoqchi va unga sarmoya kiritmoqchi, uni modernizasiya qilmoqchi. Bu boshqa savol. Bu ochiq savol. Bu haqda gaplashishimiz mumkin. Lekin biz, albatta, prezident Tramp bilan egalik masalasini muhokama qilmaganmiz", dedi Zelenskiy.
Uning aniqlik kiritishicha, egalik masalasi boshqa atom elektr stansiyalariga nisbatan ko‘tarilmagan. Zelenskiy Ukrainadagi barcha atom elektr stansiyalari xalqqa tegishli ekanligini va xususiy mulk emasligini ta’kidladi.
Avvalroq Oq uy 19-mart kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida AQSh va Ukraina prezidentlari elektr ta’minoti va atom elektr stansiyalari masalasini muhokama qilgani haqida xabar bergan edi. Suhbatdan so‘ng Tramp ma’muriyati rasmiylari Amerikaning Ukraina atom elektr stansiyalariga egaligi ushbu infratuzilma uchun “eng yaxshi himoya” bo‘lishi mumkinligini aytdi.
AQSh Energetika vazirligi, shuningdek, Vashington, agar bu urush tugashini tezlashtirishga yordam bersa, Ukraina atom elektr stansiyalarini boshqarishga tayyorligini bildirdi.
Zelenskiy, o‘z navbatida, u Tramp bilan faqat Rossiya qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olingan Zaporijjya AES atrofidagi vaziyat va uni tiklash uchun Amerikaning ehtimoliy sarmoyalarini muhokama qilganini ta’kidladi.