Yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ta’minotsiz ajratiladi

Yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ta’minotsiz ajratiladi

“Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 15 noyabrdan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartiblari joriy etiladi:

📌 Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan tashkil etilgan o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdori davlat tomonidan kompensasiya qilinadi;

👉 ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikat olgan shaxslarga o‘z biznesini tashkil etish uchun mikrokredit ajratiladi. 

“Mikrokreditbank” ATB tomonidan nodavlat ta’lim tashkilotlari maxsus sertifikatini olgan:

▪️tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun 33 million so‘mgacha mikrokreditlar ta’minotsiz ajratiladi;
▪️mikrofirma va kichik korxona ta’sis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafilligi asosida 225 million so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi.

Bunda mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.

Qarorga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadlariga 100 million AQSh dollari ekvivalentida mablag‘ ajratiladi. 

👉 2022 yil 1 yanvardan Tadbirkorlikka o‘qitishning yagona tizimi ishga tushiriladi. 

👉 2021 yil 1 yanvarga qadar “Mikrokreditbank” ATBning aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha yangi biznes modeli ishlab chiqiladi. 

👉 Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi aholini tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xususan, ularni o‘qitish, mikrokredit ajratish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish borasida vakolatli davlat organi etib belgilandi. 
 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!