Yoshlar Ittifoqining navbatdagi ko‘zbo‘yamachiligi fosh etildi

Yoshlar Ittifoqining navbatdagi ko‘zbo‘yamachiligi fosh etildi

"Yoshlar" telekanalining samarqandlik jurnalistlari Yoshlar Ittifoqi faoliyatidagi qing‘irliklarni aniqladi. Ular ittifoq tomonidan yoshlarning bandligi bilan bog‘liq Samarqard viloyatining bir necha tumanlari bo‘yicha berilgan hisobotlarni tekshirishgan.

Hisobotda keltirilishicha, ish bilan ta’minlangan yoshlar viloyatdagi to‘rtta tumandan (Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Pastdarg‘om) tashqari umumiy hisobda 4394 nafarni tashkil qilgan. Ammo bu hisobotda ba’zi tushunarsiz holatlarga duch kelgan jurnalistlar surishtiruv o‘tkazishgan.

Hisobotda ismi keltirilgan Zulayho Ismatovaga chinni, fayans va sopol buyumlarni sotish bo‘yicha o‘z biznesini boshlashida Yoshlar Ittifoqi Samarqand shahar kengashi tomonidan amaliy yordam berildi, deb keltirilgan. Surishtiruvlar natijasida aniq bo‘ldiki, Zulayho Ismatova Samarqand shahar Shohi Zinda ko‘chasida joylashgan do‘konda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ammo Ismatova 50 yoshdan oshgan, farzandlarini uyli-joyli qilgan, nevaralar ko‘rgan ayol bo‘lib, bu ish bilan bir necha yildan beri shug‘ullanib kelmoqda.

Ismi keltirilgan "tadbirkor"lardan yana biri Shahnoza Karimovadir. Hisobotda YOI unga milliy liboslar tikish sohasida tadbirkorlik boshlashi uchun ko‘mak bergani aytilgan. Jurnalistlar Karimovaning otasi Orzu Karimov bilan suhbatlashishgan. Uning aytishicha, qizi tikuvchilik yo‘nalishida kasb-hunar kollejini tugatgan, ammo bir kun ham bu ish bilan shug‘ullanmagan. O‘zi oshpaz bo‘lib ishlashini, qizi esa unga yordam berishini aytgan.

Ittifoq tomonidan ish bilan ta’minlashda ko‘mak berilganlar ro‘yxatida zargarlik bilan shug‘ullanuvchi Bahodir Qilichevning ham ismi bor. Qilichevning o‘zi esa ittifoqqa a’zo bo‘lish yoshidan o‘tgan (qirq yoshda), bu ish bilan yigirma to‘rt yildan beri shug‘ullanadi, bir necha shogirdlar yetishtirishga ham ulgurgan.

Jurnalistlar bunga o‘xshash yana bir nechta holatlarga duch kelishgan.

Albatta, bu YOI amalga oshirgan ko‘zbo‘yamachiliklarning birinchisi emas. Xalqni soxta raqamlar bilan aldayotgan bu tashkilot byudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladi. Uning faoliyatida esa na xalq farovonligiga, na davlat rivojiga ijobiy ta’sir sezilmayapti. 

Tashkilot mas’ullaridan ushbu xabarda keltirilgan faktlarga izoh kutib qolamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!