Yaponiyada Moderna vaksinasidan noma’lum moddalar topildi

Yaponiyada Moderna vaksinasidan noma’lum moddalar topildi

28 avgustda Naxa shahrida aholini emlash vaqtida vaksinaning bir ampulasida va ikkita shprisda qora rangdagi modda aniqlangan. Tekshiruv vaqtida yana bir shprisda pushti rangli aralashma borligi qayd qilingan. Ushbu partiyadagi vaksina bilan 400 ga yaqin kishi emlangan. Biroq ular shifokorlar vaksina va shprislarning tozaligiga ishonch hosil qilgandan keyingina emlangan va ularning sog‘liqlarida biror bir muammo kuzatilmagan.

Ta’kidlanishicha, ushbu partiyaning raqami Yaponiya sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi tomonidan avvalroq ishlatilishi to‘xtatilgan vaksina partiyasidan farq qiladi. Ushbu hodisa sababli Okinavadagi emlash markazlaridan birida emlash ishlari to‘xtatilgandi.

Avvalroq Yaponiyada Moderna vaksinasining Ispaniyada ishlab chiqarilgan 3 ta partiyasidagi 1,63 million doza vaksinasi qo‘llanishi to‘xtatilgani e’lon qilingan. Vaksinada aniqlangan zarralarning o‘lchami bir necha millimetrni tashkil qiladi. “Kiodo” agentligining ma’lum qilishicha, vaksinada aniqlangan yot moddalar metall zarralari bo‘lishi mumkin, chunki ular magnitga ta’sirlashishi mumkin. Vazirlik e’lonigacha Yaponiyada nuqsonli partiyadan 170 mingta vaksina odamlarga kiritib bo‘lingan.

28 avgustda, shuningdek, yot moddalar topilgan vaksina bilan emlangan 2 kishi vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Ular 30 va 38 yoshdagi erkaklar bo‘lib, ularda avval surunkali kasalliklar va allergik reaksiyalar kuzatilmagan. Ular vaksinaning 2-dozasi bilan 15 va 22 avgustda emlanishgan. Ularda vaksina olgan kunlarining ertasiga tana harorati ko‘tarilgan, 3 kundan keyin esa ular noma’lum sabablarga ko‘ra vafot etishgan.

Yaponiyada Moderna vaksinasidan tashqari, AstraZeneca va Pfizer hamda BioNTech vaksinalari qo‘llanmoqda. Ayni vaqtda Yaponiyada 69,2 million kishi, ya’ni mamlakat aholisining 54,5 foizi vaksinaning 1-dozasini, 55,2 million fuqarosi (43,5 foiz) 2-dozasini olgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!