Kaliforniyada robotaksi xizmati to‘xtatildi
Waymo kompaniyasi San-Fransisko yaqinidagi avtomobil yo‘llarida sodir bo‘lgan ikki hodisadan so‘ng AQSh avtomagistrallariga hozircha haydovchisiz avtomobillarni chiqarmaydi. Bu haqda NBC News nashri xabar berdi.
Kaliforniya hukumati Waymo kompaniyasining robotaksilariga shtat hududidagi yo‘llarda harakatlanishni taqiqladi. Hukumat vakillarining ta’kidlashicha, ushbu transport vositalari jamoat xavfsizligiga bevosita tahdid solmoqda.
Kaliforniya Avtotransport vositalari departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, bunday qaror Waymo kompaniyasining haydovchisiz avtomobillaridan biri San-Fransisko yaqinidagi avtomagistralda harakatni tartibga solayotgan yo‘l patruli xodimlarini aylanib o‘tishga uringanidan keyin qabul qilingan.
Bundan tashqari, yana bir hodisada kompaniyaning uchta robotaksisi yo‘l ta’mirlash ishlari olib borilayotgan hududga kirib ketgan.
Waymo kompaniyasi qurilish maydonida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida hech kim jabrlanmaganini va avtomobillar to‘qnashmaganini ma’lum qildi. Shuningdek, avtomagistrallarda harakatni qayta tiklash uchun davlat idoralari bilan hamkorlikda ish olib borayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Waymo kompaniyasining robotaksilari AQShning o‘ndan ortiq shahrida xizmat ko‘rsatadi. Google kompaniyasining bosh kompaniyasi Alphabet Inc. tarkibiga kiruvchi Waymo haydovchisiz taksilarini ilk bor 2024 yilda San-Fransisko shahrida ishga tushirgan.
