XOQ rahbari lavozimiga kimlar nomzod bo‘lishi mumkin?
Tez orada Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining (XOQ) yangi prezidenti saylanadi. O‘z navbatida, Qo‘mitaning amaldagi rahbari Tomas Bax bu lavozimni tark etishini tasdiqladi.
Hozircha Tomas Bax o‘rniga faqat bitta nomzod, ya’ni Xalqaro yengil atletika federasiyalari assosiasiyasi rahbari Sebastyan Kouning ismi ma’lum. U 2025 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ochiq aytdi. Bu haqda Sport.kz yozmoqda.
Parij Olimpiadasi yopilishidan oldin jurnalistlar Sebastyan Koudan mart oyidagi saylovlarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida so‘rashgan. O‘z navbatida, “agar bu lavozimga saylanish uchun tegishli imkoniyat bo‘lsa, buni albatta ko‘rib chiqishini” ta’kidladi. BBC va The Guardian kabi Britaniya OAVlari uning bayonotini XOQ prezidentligiga nomzodini qo‘yishga tayyor ekanligidan dalolat beruvchi “aniq alomat” sifatida e’lon qilmoqda.
Xususan, Sebastyan Kou avval ham shunday bayonotlar bilan chiqqan edi. Qolaversa, bu yilgi Olimpiada vaqtida ham u XOQning jazoirlik va tayvanlik sportchilar Imon Xalif va Lin Yutingning boks turniridagi ishtirokiga nisbatan munosabatidan noroziligini ochiq aytdi. Ushbu sportchilar Xalqaro boks assosiasiyasi (IBA) tomonidan gender testlari asosida musobaqalardan chetlashtirildi. Ikkalasi ham Parijda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Kouning so‘zlariga ko‘ra, XOQning ularga nisbatan siyosati “aniq va tushunarli” bo‘lishi kerak.
XOQ rahbari lavozimiga saylov kampaniyasi haqida gapirar ekan, Sebastyan Kou 2025 yilgi saylovlarda raqobat juda yuqori bo‘lishini aytdi.
Mutaxassislarning fikricha, Tomas Bax o‘rniga nomzodlar orasida XOQ vise-prezidentlari Nikol Xuverts va kichik Xuan Antonio Samaranch, shuningdek, tashkilotning sportchilar komissiyasini boshqarayotgan Kirsti Koventri bor.
Eslatib o‘tamiz, Nikol Xuverts (Aruba) sinxron suzish sportchisi sifatida tanilgan. Nikol 2006 yildan buyon Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi a’zosi va hozirda XOQ Ijroiya qo‘mitasi a’zosi. 2021 yilning iyulida u XOQ vise-prezidenti etib saylangan.
Kichik Xuan Antonio Samaranch (1959 yil 1 noyabrda tug‘ilgan) — Ispaniya sport arbobi va xalqaro olimpiya harakati arbobi. 2001 yildan buyon Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a’zosi.
XOQ rahbari lavozimiga nomzod Kirsti Li Koventri Syuard zimbabvelik suzuvchi va siyosatchi, xalqaro olimpiya harakati arbobi, ikki karra Olimpiya chempioni, bir qancha jahon rekordlarini o‘rnatgan.
Fransiyaning L'Equipe nashri xabariga ko‘ra, mazkur saylovda Fransiya Milliy olimpiya qo‘mitasi va Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) prezidenti David Lapartyan ishtirok etishi mumkin.
David Lapartyan 1973 yilda tug‘ilgan. 2005 yilda u Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) boshqaruv qo‘mitasiga saylangan. 2009 yilning fevral oyida u Fransiya velosport federasiyasi prezidenti bo‘ldi, 2013 yil 23 fevralda esa bu lavozimga qayta saylandi. 2013 yil mart oyida u Yevropa velosipedchilar ittifoqi prezidenti etib tasdiqlandi, o‘sha yilning 28 sentyabrida esa Xalqaro velosipedchilar ittifoqi vise-prezidenti bo‘ldi. 2021 yilda u yangi to‘rt yillik muddatga UCI prezidenti etib saylanadi.
Eslatib o‘tamiz, Tomas Bax Xalqaro Olimpiya qo‘mitasini 2013 yilning kuzidan beri boshqarib kelmoqda. 2021 yilda u to‘rt yillik muddatga qayta tasdiqlandi, oxirgi marta Olimpiya Xartiyasi shartlariga ko‘ra bu lavozimga saylangan edi. T. Baxning o‘zi XOQ Ijroiya qo‘mitasidan tashkilot rahbari saylovini 2025 yilning 26 martiga belgilashni so‘ragan. Yangi prezident kelgusi yilning 24 iyunida o‘z lavozimiga kirishadi.