Xohishga ko‘ra vakolatli shaxslarga pul berish poraga o‘tadimi?

Xohishga ko‘ra vakolatli shaxslarga pul berish poraga o‘tadimi?

Ko‘pgina hollarda fuqarolar tomonidan: “Agar biz o‘z xohishimizga ko‘ra vakolatli shaxslarga pul bersak, bu ham pora berish hisoblanadimi?” – degan savol beriladi. Shu sababli ham pora berish jinoyati haqida qisqacha sharh berib o‘tishni maqsadga muvofiq deb topdik.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasiga ko‘ra pora berish davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etishda ifodalanadigan qilmishdir. Har qanday moddiy qimmatliklar: pul, xorijiy valyuta, qimmatbaho buyumlar, qimmatbaho qog‘ozlar, oziq-ovqat yoki sanoat mahsulotlari va boshqalar pora predmeti bo‘lishi mumkin. Pora predmetiga, shuningdek, pora beruvchi tomonidan tekinga yoki past narxlarda amalga oshiriladigan mulkiy xarakterdagi turli xildagi xizmatlar ham kiritiladi.

Sub’ektiv tomondan pora berish jinoyati to‘g‘ri qasddan sodir etiladi. Pora beruvchi mansabdor shaxsga pora predmetini mukofot sifatida, o‘zining mansab mavqeidan kelib chiqib uning manfaati yo‘lida biron-bir harakatni sodir etishi yoki etmasligi uchun berilayotganligini anglaydi va shuni xohlaydi. Jinoyat sub’ekti o‘n olti yoshga to‘lgan har qanday aqli raso shaxs bo‘lishi mumkin.

Lekin pora berganlik uchun javobgarlikdan ozod qiluvchi holatlar ham nazarda tutiladi. Jinoyat kodeksining 211-moddasida quyidagicha norma keltirib o‘tilgan:

- shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.

Agar shaxs o‘z xizmat vazifasini amalga oshirgandan so‘ng, hech qanday manfaat yoki huquqlarga ega bo‘lishni ko‘zlamagan holda, minnatdorchilik uchun pul yoki boshqa qimmatliklar berilgan bo‘lsa pora hisoblanmaydi. Amerika va Yevropa davlatlarida buni “tipping” deb ataydilar. Lekin mazkur tushunchaning ham mamlakatimizga kirib kelishi korrupsiyani avj oldirishi mumkin. Chunki bundan manfaatdor shaxslar o‘z qilmishlarini (pora berish jinoyatini) minnatdorchilik bildirishga yo‘yishi mumkin. Shu sababli ham har birimiz o‘z vazifamizni va fuqarolik burchimizni bajarishimiz lozim. Korrupsiya deb atalgan illatga qo‘l urib, qonun oldida javobgarlikka tortilgandan ko‘ra, Vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz ham farz, ham qarzimizdir.
 

Manba: zamin.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!