“XALQ AMALIY SAN’ATIDA ZAMON NAFASI” KO‘RGAZMASI QOZOG‘ISTONDA NAMOYISh ETILDI
Qozog‘iston Respublikasi Milliy markaziy muzeyida taniqli ozarbayjon olimi, gilamshunos rassom va Ozarbayjon xalq rassomi Latif Karimov tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan “Xalq amaliy san’atida zamon nafasi” ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi, Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi, Ozarbayjon Milliy gilam muzeyi hamda Qozog‘iston Milliy markaziy muzeyi hamkorligida tashkil etildi.
Ekspozisiyada XIX–XX asrlarga oid ozarbayjon gilamdo‘zligi va xalq amaliy san’atining noyob namunalari, jumladan, Guba, Boku, Shirvon, Qorabog‘, Gazax va Ganja gilamlari, shuningdek, palos va boshqa tekis to‘qilgan gilamlar, dekorativ-amaliy san’at buyumlari, badiiy kashtachilik namunalari, zargarlik buyumlari, metallga ishlov berish san’ati namunalari hamda an’anaviy ayollar liboslari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmaning alohida bo‘limi Latif Karimovning ijodiy merosiga bag‘ishlangan. Unda ustoz tomonidan yaratilgan eskizlar bilan bir qatorda “Ikkinchi bahor” va “Xatay” gilamlari ham namoyishga qo‘yilgan.
Tadbir doirasida Ozarbayjon Milliy gilam muzeyi va Qozog‘iston Milliy markaziy muzeyi o‘rtasida madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etish, muzeylararo hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Latif Karimov tavalludining 120 yilligiga hamda qozoq va ozarbayjon dekorativ-amaliy san’atining tarixiy va madaniy aloqalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
“Xalq amaliy san’atida zamon nafasi” ko‘rgazmasi 2026 yil 4 oktyabrga qadar davom etadi.
