Toshkent aeroportida 14 ta iPhone 18 va iPhone 17ni yashirincha olib kirishga urinish fosh etildi
Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan mobil qurilmalarni belgilangan tartibga rioya qilmasdan olib kirishga urinish holatlari aniqlandi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘z ehtiyojlari uchun 2 tagacha mobil qurilma olib kirishi mumkin. Bunda qurilmalar qiymati bojsiz olib kirish me’yoridan oshsa, oshgan qismiga tovar qiymatining 30 foizi miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Shuningdek, xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalar yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida ko‘rsatilishi shart. Deklarasiya keyinchalik qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
“Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan 20–22 sentyabr kunlari Dubaydan uchib kelgan uch nafar yo‘lovchining harakatlari tekshirilgan.
Ular bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi va yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida ma’lum qilmagan holda 8 ta yangi iPhone 18 va 6 ta iPhone 17 smartfonini olib kirishga uringan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qurilmalarning umumiy qiymati 227 million so‘mni tashkil etadi.
“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon qiymati 7,8 milliard so‘mlik 162 ta mobil qurilmaning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yilgan.
Bojxona organlari xorijdan qaytib kelayotgan fuqarolarni o‘zlari bilan olib kirayotgan mobil qurilmalarni yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida ko‘rsatishga chaqirmoqda.
Ta’kidlanishicha, qurilmani deklarasiya qilib olib kirishda bojsiz olib kirish me’yoridan oshgan qismi uchungina yagona bojxona to‘lovi undiriladi. Noqonuniy olib kirilgan qurilmalarni keyinchalik UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida esa telefonning to‘liq qiymatidan 30 foiz to‘lov undiriladi.
Ayni paytda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda
