O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy vakili JST bosh direktori bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy vakili JST bosh direktori bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekistonning Jenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonining holati va istiqbollari xususida fikr almashildi.

O‘zbekiston tomoni Jahon savdo tashkiloti bosh direktorini JSTning 13-Vazirlar konferensiyasi (2024 yil 26 fevral – 2 mart, Abu-Dabi shahri) muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va uning doirasida ko‘p tomonlama savdo tizimini mustahkamlash bo‘yicha erishilgan muhim kelishuvlar bilan tabrikladi.

JST rahbari O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish borasidagi chora-tadbirlarini yuqori baholadi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston a’zo bo‘lish jarayonidagi sa’y-harakatlarini sezilarli darajada faollashtirdi va JSTga a’zo bo‘lish ustuvor deb topilgan davlatlar qatoridan joy oldi.

Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekiston JSTning navbatdagi to‘laqonli a’zosi bo‘lishiga ishonch bildirdi. Shu nuqtai nazardan, u tashkilot kotibiyati O‘zbekiston sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida JST bosh direktorining joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlikni boshlash, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 8-yig‘ilishini tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish va qonunchilikni JST kelishuvlari va qoidalariga muvofiqlashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!