O‘zbekistonga “IntercityHotel Tashkent” yangi xalqaro mehmonxona brendi kirib keldi
7 oktyabr kuni “Roadside by horrot” mehmonxonasida “Valor Hospitality Partners” mehmonxona boshqaruv kompaniyasi bilan “Deutsche Hospitality” kompaniyalari hamkorligida “IntercityHotel Tashkent” yangi xalqaro mehmonxona brendi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi direktori Sulton Xonbabayev, “Valor Hospitality Partners” ta’sischisi va boshqaruv hamkori Juliyen Bergue, “Deutsche Hospitality” vise-prezidenti Zigfrid Nirxaus, Hotel Pro kompaniyasi asoschisi Dilshod Odilov, turizm sohasi mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
«Ayni damda yurtimizga xorijlik sayyohlar oqimi tobora ko‘paymoqda. Bu esa o‘z navbatida mehmonxonalar sonini yanada oshirishni talab qiladi. Shuning uchun ham turizmning boshqa sohalari singari mehmonxonalar sonini ko‘paytirishga ham katta e’tibor qaratilyapti. “IntercityHotel Tashkent” brendining O‘zbekistonga kirib kelishi esa, albatta, quvonarli hodisa. Negaki, ushbu brend zamonaviy mehmonxona talablariga to‘liq javob bera oladi», Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi direktori Sulton Xonbabayev.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Valor Hospitality Partners” ta’sischisi va boshqaruv hamkori Juliyen Bergue mehmonxona qurishdan oldin Toshkentni o‘rganib chiqqanini ta’kidladi.
«Ikki yil oldin O‘zbekiston aeroportidagi kutish holatlari meni biroz ranjitgandi. Bugun esa bu kabi muammolar bartaraf etilganining guvohi bo‘ldim. Bunda esa, albatta, Turizm va madaniy meros vazirligining o‘rni katta. Mehmonxona ochishdan oldin Toshkentni aylanib chiqdim. Shahar aholisining muomalasi, xatti-harakatlari, yashash tarzi menga juda yoqdi. Toshkent go‘zal shahar, uning go‘zalligi esa bag‘rikeng odamlaridir. Toshkentdan tashqari Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida turizm sohasidagi yangiliklarni ham o‘rgandim va mehmonxona qurish uchun yaxshi joy tanlaganimga yana bir bor amin bo‘ldim. Ayni damda Buxoroda ham yangi mehmonxonalar quryapmiz. Bilasizmi, O‘zbekiston bilan to‘liq tanishib olganimdan keyin do‘stlarimga, xorijdagi yaqinlarimga, albatta, bu mamlakatga kelishlarini tavsiya qilyapman», dedi “Valor Hospitality Partners” ta’sischisi va boshqaruv hamkori Juliyen Bergue.
Juliyen Bergue mehmonxona sohasida 20 yildan ortiq tajribasi bor va 40 dan ortiq mehmonxona qurgan mutaxassis sifatida bu galgi loyihasi ham o‘zini oqlashini va Yangi O‘zbekistonning bir bo‘lagiga aylanishiga umid qilishini aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, “IntercityHotel Tashkent” mehmonxonasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan bo‘lib, 2023 yilning 1-choragida ochilishi rejalashtirilgan. Mehmonxona zamonaviy interyerga ega 122 ta nomer, biznes tadbirlar yoki forumlarga mo‘ljallangan konferensiya zali, basseyn, sport zali va boshqa xizmat turlarini qamrab oladi.