O‘zbekistonda xususiy mulk va mulkdorlar huquqlari himoyasi kuchaytiriladi

O‘zbekistonda xususiy mulk va mulkdorlar huquqlari himoyasi kuchaytiriladi

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonunlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Uy-joy kodeksi, Shaharsozlik kodeksi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunda xususiy mulkka bo‘lgan huquqlar daxlsizligi, tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash nazarda tutilmoqda. Unda hech kim sud qarorisiz, qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati, u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi belgilanmoqda.

Qonun xususiy mulkning va mulkdorlar huquqlarining himoya qilinishi kafolatlarini kuchaytirishga, tadbirkorlik faoliyatini erkin amalga oshirish uchun qo‘shimcha kafolatlar hamda shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilingan.

Ushbu qonun bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan tartibda kelishish zarurligi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunda aks ettirilmoqda. Shuningdek, qonun bilan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llashda ham xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan yengillik berilmoqda.

Muhokama yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!