O‘zbekistonda madaniy turizm: an’analar va meroslar uyg‘unligi

O‘zbekistonda madaniy turizm: an’analar va meroslar uyg‘unligi

Saudiya Arabistonining "Swift News" elektron nashrida "O‘zbekistonda madaniy turizm: an’analar va meroslar uyg‘unligi" sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ta’kidlanishicha, boy tarix va boy madaniyatga ega O‘zbekiston madaniy turizm xazinasi hisoblanadi. Qadimiy Samarqand va Buxoro shaharlaridan tortib, Toshkentning gavjum bozorlarigacha O‘zbekiston eski va yangi, an’ana va innovasiyaning o‘ziga xos uyg‘unligini taklif etadi.

"Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Urganch, Termiz, Qoraqalpog‘istonning qadimiy tarixiy yodgorliklari O‘zbekistonda tarixiy-ma’rifiy turizmning asosini tashkil etadi, – deyiladi maqolada. – O‘ziga xos me’morchilik va madaniy merosga ega bo‘lgan bu shaharlar mamlakatning boy tarixidan dalolatdir".

O‘zbekistondagi madaniy turizm nafaqat tashrif buyuruvchilarga mamlakatning boy madaniy merosi bilan tanishish imkonini beradi, balki qishloq hayotidan zavqlanish va ishtirok etish imkonini beradi.

"Katta Langar O‘zbekistondagi tarixiy va madaniy tajribalarni o‘zida mujassam etgan noyob majmuadir. Bu yerda noyob yodgorlik majmuasi mavjud. Qishloq tarixi 15-asr oxirlarga borib taqaladi", – deya qayd etilgan materialda.

Manbada Surxondaryo viloyatidagi G‘ilon qishlog‘i haqidagi ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Qayd etilishicha, mazkur qishloq o‘ziga xos va o‘ziga munosib turizm tajribasini taqdim etadi.

"G‘ilonga tashrif buyuruvchilar mahalliy madaniyat va turmush tarzi, jumladan, an’anaviy dehqonchilik usullari, hunarmandchilik va oshxona bilan tanishishlari mumkin. Mahalliy oilalarga qarashli mehmon uylari yoki mehmonxonalarida qolish ularning urf-odatlari va an’analari bilan muloqot qilish va o‘rganish imkonini beradi. Qishloqda yil davomida musiqa, raqs va o‘zbek merosining boshqa jihatlarini namoyish etadigan madaniy tadbirlar va festivallar ham o‘tkaziladi" – deb ta’kidlagan Saudiya elektron nashri.

Maqola yakunida, "O‘zbekistonning boy madaniy merosini chuqurroq anglashni istagan har bir kishi bu qishloqlarga borishi shart", – deb yozgan "Swift News".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!