O‘zbekistonda 6 ta transchegaraviy muhofaza hududini barpo etish masalasi muhokama qilindi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Jahon bankining Atrof-muhit, tabiiy resurslar va moviy iqtisodiyot bo‘yicha global direktori Valeriye Hiskey bilan uchrashdi. Uchrashuvda barqaror yashil iqlim borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Valeriye Hiskey Jahon banki ilk marotaba ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilishga bag‘ishlangan konvensiyada ishtirok etayotganligini va Samarqandga kelganidan juda mamnunligini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonda yovvoyi hayvonlarning yo‘qolib ketayotgan turlarini qayta tiklash borasida muhim ishlar qilinayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, uchrashuvda chiqindilarni boshqarish sohasida olib borilayotgan islohotlar alohida qayd etildi.
«O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish sohasiga katta e’tibor qaratilyapti. Bu esa maqsadlarimiz mushtarak ekanligini anglatadi, — dedi Valeriye Hiskey. — Bundan tashqari, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish va ularni saralash, sohadagi tadbirkorlar va ishchilarning ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bizni O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotganimizdan xursand qiladi».
O‘z navbatida Aziz Abduhakimov mamlakatimizda soha oldiga qo‘yilgan maqsadlar, xususan, chiqindilarni boshqarish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish, aylanma iqtisodiyotni tatbiq etish va «nol chiqindi» tamoyilining muhimligi haqida so‘z yuritdi.
«Endi chiqindilar iqtisodiyotning qimmatli resursiga aylanadi. Biz har tomonlama manfaatli bo‘lgan yashil jamiyat qurishni maqsad qilganmiz», — dedi vazir.
Uchrashuv davomida 6 ta transchegaraviy muhofaza qilinadigan hududlarni barpo etishga qaratilgan loyiha muhokama qilindi. Bu loyiha noyob turdagi hayvonlarni qo‘riqlash, asrash bilan birga ekoturizmni rivojlantirishga ham katta hissa qo‘shadi.
Yakunda chiqindi sohasida yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish, sohaga Jahon banki tomonidan investisiyalarni olib kirish hamda grantlar ajratilishi borasida o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.