O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bir bosqichga ko‘tarilib borayapti. O‘tkazilayotgan oliy darajadagi uchrashuvlarda hamkorlikning turli qirralarini qamrab olgan muhim kelishuvlarga erishilmoqda. O‘zbekiston-Qozog‘iston Ekspertlar kengashining tashkil etilishini bunga misol sifatida keltirish mumkin.

Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi 2-avgust kuni Ostona shahrida o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchi yig‘ilishi 28-avgust kuni videokonferensiya shaklida tashkil etildi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga yaqinda amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlariga bag‘ishlandi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) direktori, i.f.d. Umid Obidxo‘jayev yig‘ilishda qilgan chiqishi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida savdo-sotiq hajmini yanada oshirish imkoniyatlari katta ekanligini ta’kidladi. “Birinchi o‘rinda ikki mamlakatning eksport salohiyatini inobatga olish lozim”- dedi u.

MHTI ekspertlari Aniqlangan qiyosiy ustunlik indeksi (RCA) ga muvofiq istiqbolli eksport tovarlarining 3 ta kategoriyasini belgiladi. Qozog‘istonga eksport uchun qiyosiy ustunlikka ega tovarlar sirasiga to‘qimachilik mahsulotlari, meva va sabzavotlar, o‘g‘itlar, keramika va tamaki mahsulotlari kirsa, Qog‘og‘istondan import uchun yuqori qiyosiy ustunlikka ega tovarlar ro‘yxatidan yonilg‘i, g‘alla, qora metallar, noorganik kimyoviy mahsulotlar joy oladi. 3-kategoriya, ya’ni uchinchi mamlakatga qo‘shma eksport uchun yuqori ustunlikka ega tovarlar ro‘yxatiga esa mis, rux, qo‘rg‘oshin va undan tayyorlangan mahsulotlar, boshqa metallar va metallkeramika kiradi.

Shu tariqa dastlabki tahlilga asoslangan holda vazirliklar, savdo-sanoat palatalari, tarmoq assosiasiyalari ikki mamlakat tadbirkorlarini jalb qilib, ushbu tovarlarning uchinchi mamlakatga eksportini oshirish masalasini birgalikda o‘rganib chiqishi maqsadga muvofiq. Bunday tahlil xususiy sektor uchun ham foydali bo‘lib, kelgusida unga amalga oshmagan biznes imkoniyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirishda yordam beradi.

Hozircha esa ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi kooperasiya aloqalarini kengaytirish doirasida quyidagi yo‘nalishlarni taklif qilish mumkin:
1. Misni chuqur qayta ishlash bo‘yicha klasterlarni tashkil qilish. Chunki ikki mamlakat ham misning katta zaxiralariga ega.
2. Kimyo tarmog‘ida ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish. Bu yo‘nalishdagi hamkorlik ikki mamlakatga ham mineral o‘g‘itlarning eksport salohiyatini oshirishda yordam beradi.
3. Qora metallarni qayta ishlash va qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil qilish. Bunday qo‘shma korxonalarning tashkil etilishi ikki mamlakatning ham qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi.
4, Elektron tijoratni rivojlantirish. Bu o‘zaro savdo-sotiq hajmini oshiradi, ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi, mahsulotlarni kam xarajat evaziga uchinchi mamlakat bozoriga olib chiqish imkonini beradi. Shuning uchun ikki mamlakat o‘rtasida elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqish taklif etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!