O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning to‘rtta muhim yo‘nalishi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning to‘rtta muhim yo‘nalishi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) direktori i.f.d. Umid Obidxo‘jayev O‘zbekiston-Qozog‘iston Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

2024-yilning 2-avgust kuni Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar institutida O‘zbekiston-Qozog‘iston Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot davomida MHTI direktori U.Obidxo‘jayev ikki mamlakat o‘rtasida quyidagi to‘rtta yo‘nalishda hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar bildirildi:

1. Mintaqada suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish: Qishloq xo‘jaligiga suvni tejovchi texnologiyalarni faol joriy etish hamda Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar va navlarni yaratish va tarqatish uchun innovasion agroparkni tashkil etish taklif etildi.

2. Qayta tiklanadigan energiya bozorini tartibga solish bo‘yicha yagona me’yoriy-huquqiy platformani shakllantirish: Mintaqada samarali “sof” energiya almashinuvini ta’minlash va energiya ta’minotini optimallashtirish uchun rivojlanayotgan qayta tiklanuvchi energiya bozorini tartibga solish bo‘yicha me’yoriy qoidalar to‘plamini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

3. Iqlim ofatlariga moslashish bo‘yicha mintaqaviy dastur: Iqlim ofatlariga nisbatan chidamlilik va moslashuvchanlikni oshirish, shu jumladan chekka qishloq hududlariga investisiyalarni jalb qilish va mahalliy ob-havo xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha mintaqaviy dasturni ishlab chiqish taklif qilindi.

4. Sug‘orish uskunalari bo‘yicha Markaziy Osiyo xabini yaratish: Mintaqadagi eskirgan infratuzilmani modernizasiya qilishda yordam beradigan zamonaviy irrigasiya uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyo xabini yaratish taklifi ilgari surildi.

O‘zbekiston-Qozog‘iston Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi ikki mamlakat o‘rtasida suv resurslarini boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. E’lon qilingan tashabbuslar mintaqada iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi bilan bog‘liq dolzarb muammolarini hal qilish, shuningdek, Markaziy Osiyoning kelgusidagi rivoji uchun barqaror poydevor yaratishda yordam beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!